Live
5
O'zbek

Islom Ahmedov: «Hammasini 90 daqiqa davomida hal qilamiz, deb o‘ylagandik»

Eksklyuziv
15 sentabr, 16:08
«Andijon» ustozi jamoasining g‘alabasi haqida fikr bildirdi.
Islom Ahmedov: «Hammasini 90 daqiqa davomida hal qilamiz, deb o‘ylagandik»
Фото: Андижон ПФК
15.09.2026 AP Oʻzbekiston Kubogi Andijon Andijon (5) 2 : 2 (4) Olimpik Mobiuz Olimpik Mobiuz

O‘zbekiston Kubogi 1\8 finali doirasida «Andijon» o‘z uyida Pro liga vakili – «Olimpik Mobiuz»ni qabul qildi. Asosiy vaqt 2:2 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha vaqtlarda ham gol urilmadi. Penaltilar seriyasida mezbonlar 5:4 hisobida g‘alaba qozonishdi. O‘yindan keyin «Andijon» bosh murabbiyi Islom Ahmedov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Juda og‘ir kechgan o‘yindagi qiyin g‘alaba bilan barchani tabriklaymiz. O‘yin bo‘yicha hech narsa o‘xshamadi. Chempionatdagi eng yomon o‘yinimizni ko‘rsatdik, desak bo‘ladi. Eng muhimi, og‘ir bo‘lsa-da, g‘alabaga erishdik. O‘yinni ko‘rib chiqib, tahlil qilamiz. Boshida aytgandik, baribir yoshlar kuchliroq jamoaga qarshi o‘ynash va o‘zini ko‘rsatish borasida ko‘proq motivatsiyaga ega bo‘ladi. Buni futbolchilarimizga tushuntirgandik. Shunga qaramay, yakunda mensimaslik holati kuzatildi va bu o‘yinda sezildi. Raqib o‘yin tizginini qo‘lga oldi, bizda esa ishlar o‘xshamadi. Ha, ko‘p hujumlar qildik, vaziyatlarimiz ham bo‘ldi, ammo ularni yakunlay olmadik. Umuman olganda, uchrashuv og‘ir kechdi.

- Birinchi bo‘limdan keyin Martin Boake nega almashtirildi? U to‘pni o‘zida nazorat qilib turgandi va raqib himoyachilarining bo‘yi pastligi evaziga Boakedan yana foydalanish mumkin emasmi edi?

- Ha, foydalanish mumkin edi. Lekin o‘rtada to‘p nazoratini berib qo‘yayotgandik. Shu bois Drაგanni maydonga tushirib, to‘pni ko‘proq nazorat qilish va hujumlar tashkil etishni rejalashtirgandik. Shu sabab Martinni birinchi bo‘limdan so‘ng olishga majbur bo‘ldik.

- Qandaydir o‘yinchilarda ko‘zi yonmaslik holati kuzatildi. «Olimpik Mobiuz» Pro ligada o‘rtamiyona jamoalardan biri. «Andijon» esa Superligada. Ushbu raqibni asosiy vaqtda yuta olmaslik uchun nima yetishmadi?

- Aytganimdek, birinchi o‘rinda futbolchilarning ruhiy tayyorgarligi va o‘yinga bo‘lgan munosabati turadi. Har qanday raqibga, qaysi ligada o‘ynashidan qat’i nazar, hurmat bilan chiqib, professionalligini ko‘rsatishi kerak edi. Ular maydonga biroz bo‘shashgan holda chiqishdi. Shu hisobiga o‘yin tizginini «ushlab» olishdi. Raqibga «o‘zimiz ham o‘ynay olamiz», degan ishonchni berib qo‘ydik. Shu bois ularda hamma narsa o‘xshaverdi. Bizda esa gol urish uchun shoshilish kuzatildi va buning oqibatida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydik.

- O‘yin davomida jamoangiz 2:0 hisobida oldinda bordi, keyin 2:2 bo‘ldi. Keyinchalik voqealar rivoji «Andijon» uchun kutilmagan tus oldi va qo‘shimcha daqiqalar, yakunda esa penaltilar seriyasi kuzatildi. Penaltilar seriyasi oldidan futbolchilarni qanday tanlab oldingizlar? Demoqchimanki, oldindan penaltilar seriyasi uchun reja bo‘lmagan bo‘lsa kerak…

- Ha, bunday rejamiz yo‘q edi. Hammasini 90 daqiqa davomida hal qilamiz, deb o‘ylagandik. Shunga tayyorgarlik ko‘rgandik. To‘g‘risi, qo‘shimcha daqiqalarga ham, penaltilar seriyasiga ham tayyorlanmagandik. Penaltilar seriyasi oldidan o‘yinchilarning o‘zlari tashabbus bilan chiqishdi. Kimda o‘ziga ishonch bo‘lsa, tepishini aytdik.

- 20-sentabr kuni «Andijon» chempionat doirasida «Nasaf»ni qabul qiladi. Bugungi o‘yindan qanday xulosa qilasiz va bo‘lajak uchrashuvga tayyorgarlik rejalari qanday bo‘ladi?

- Eng asosiysi, tiklanishga e’tibor qaratamiz. Bugun ko‘p kuch yo‘qotdik. Ya’ni, «Nasaf» bilan uchrashuvga u qadar ko‘p kuch yo‘qotmagan holda yetib boramiz, deb o‘ylagandik. Biz reja qilaveramiz, ammo Allohning rejalari boshqa. Xudoyimning aytgani bo‘ladi. Ko‘proq tiklanishga e’tibor qaratamiz va bu o‘yinda yo‘l qo‘yilgan xatolar ustida ishlaymiz.

- Aleksandr Andronikashvili jamoada ko‘rinmayapti. U jarohat olgandi va «Nasaf» bilan o‘yinga tushadimi?

- Andronikashvili so‘nggi uchrashuvlarda jarohat bilan o‘ynayotgan edi. Jarohati kuchayib ketgani sabab o‘zimizda tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va shifokorlarimiz unga ma’lum vaqt dam olishi kerakligini aytishdi. Gruziyaga borib, u yerda ham tibbiy tekshiruvdan o‘tdi va tiklanish jarayonini vatanida o‘tkazyapti. Ochig‘i, «Nasaf» bilan uchrashuvgacha tayyor bo‘lmaydi. FIFA kunlarida safimizga qaytadi», - deya Islom G‘ulomovichning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Andijon Andijon
  • Olimpik Mobiuz Olimpik Mobiuz
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Bugungi yangiliklar