Live
12
O'zbek

Ivan Boshkovich: «Superligada qolishimiz uchun yaxshi natijalarga erishishimiz mumkinligiga ishonchim yanada ortdi»

Futbol
15 sentabr, 14:43
«Bunyodkor» bosh murabbiyi «Lokomotiv»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Ivan Boshkovich: «Superligada qolishimiz uchun yaxshi natijalarga erishishimiz mumkinligiga ishonchim yanada ortdi»
Фото: Бунёдкор ПФК
15.09.2026 FT Oʻzbekiston Kubogi Bunyodkor Bunyodkor 0 : 1 Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent

O‘zbekiston Kubogi 1\8 final bosqichi doirasida «Bunyodkor» «Lokomotiv» maydonida 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida «Bunyodkor» ustozi Ivan Boshkovich o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

— O‘yinda atigi bitta gol urilgani, albatta, afsusli. Chunki jamoamizda ham, «Lokomotiv»da ham gol urish uchun ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi. Men uchun eng muhimi — jamoamizning bugungi energiyasi yaxshi bo‘lgani. O‘yinchilar deyarli barcha ko‘rsatmalarimni, ayniqsa ikkinchi bo‘limda aytgan va talab qilgan vazifalarimni bajarishdi. Maydonda raqobatlashishga tayyor, hatto agressiv futbol o‘ynashga harakat qilgan jamoani ko‘rdim. Yuqori pressing qo‘llashga urindik, ayrim vaziyatlarda raqibning harakatlarini yaxshi to‘xtatdik.

Birinchi bo‘limning dastlabki 25 daqiqasida barqaror o‘ynadik va o‘yinni nazorat qildik. Ammo birinchi bo‘limning ikkinchi qismida, menimcha, «Lokomotiv» biroz yaxshiroq ko‘rinish berdi. Shu sababli o‘zimiz yaratgan imkoniyatlardan foydalana olmadik.

Ikkinchi bo‘limda esa ayrim jihatlarni to‘g‘riladik. Tanaffusda kerakli ko‘rsatmalarni berdim va futbolchilar ham ularni bajarishdi, deb o‘ylayman. Zaxiradan maydonga tushgan bir nechta futbolchi ham jamoaga yordam berdi. Futbolchilarga nisbatan hech qanday e’tirozim yo‘q. Menimcha, jamoa bugun «Nasaf» va «Surxon»ga qarshi o‘yinlarga qaraganda, kutilganidan ham yaxshiroq harakat qildi.

Endi ishlashda davom etishimiz kerak. Oldinda juda muhim o‘yinlar turibdi. Bugungi uchrashuvdan keyin jamoamiz o‘yinini yanada yaxshilashi va Superligada qolishimiz uchun yaxshi natijalarga erishishi mumkinligiga ishonchim yanada ortdi.

— Bugun jamoada tajribali futbolchilardan Raxmonov qolgan. Qolgan tajribali futbolchilarning aksariyati yoshlar. Agar sizda ma’lumot bo‘lsa, ushbu futbolchilarning keyingi taqdirini aytib o‘tsangiz. Ular keyingi turda ham maydonga tushadimi?

— Murabbiy sifatida hozir ularni, avvalo, psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash men uchun juda muhim. Jamoa asosan yosh futbolchilardan tashkil topgan. Lekin men ularning shu o‘yinlar orqali tez rivojlanishlari mumkinligini yaxshi bilaman. Superligada o‘ynaganda intensivlik yuqori bo‘ladi, bosim ham katta. Yosh futbolchilar esa bunday sharoitga juda tez moslashib ketishadi.
Hozirgi tanaffus ham bizga yordam beradi, deb o‘ylayman. Keyingi turga qadar taxminan 20 kun vaqt bor. Bu davrda ko‘p jihatlarni yaxshilab olishimiz mumkin. Men jamoa kuchli va intensiv futbol o‘ynashini talab qilyapman. Menimcha, bu uslub yosh futbolchilarga ham mos keladi. Katta yoshdagi, tajribali futbolchilar esa jamoaga o‘z tajribasi bilan yordam berishadi.

Bugun futbolchilarning munosabati va motivatsiyasida muammo ko‘rmadim. Albatta, barchamiz jamoaning hozirgi vaziyatini yaxshi bilamiz. Lekin men barcha e’tiborimni futbolga qaratdim va ma’lum bir progress bor, deb hisoblayman. Ilgari ham jamoa yaxshi futbol ko‘rsatayotgan edi.

Futbolchilarning psixologiyasida biroz o‘zgarish bo‘lgan. Bunday vaziyatdan osonlikcha chiqib ketish qiyin. Men ularga doim bir narsani aytaman: hech qachon taslim bo‘lmaslik kerak. Biz ishlayotgan narsamizga ishonishimiz lozim. Bizda boshqa yo‘l yo‘q. Keyingi o‘yinga e’tibor qaratishimiz va boshimizni egmasligimiz kerak. «Bunyodkor» tarixida bunday vaziyatlar bo‘lgan, ammo klub har doim qiyin vaziyatdan chiqib ketgan. Shuning uchun buni hamma yaxshi tushunadi, deb o‘ylayman. Biz o‘yin sifatini oshirishda davom etamiz va futbolchilar yanada yaxshi futbol ko‘rsatishadi.

— Siz o‘zingiz ham yaxshi hujumchi bo‘lgansiz, O‘zbekistonda o‘ynagansiz. Bu masala nafaqat murabbiy sifatida, balki sobiq hujumchi sifatida ham sizga tegishli. Hozir yosh futbolchilar rivojlanishini aytyapsiz. Ammo bizda yakunlovchi zarbalar, ya’ni vaziyatlarni golga aylantirish bilan bog‘liq katta muammo bor. Hujumchilar bilan bu yo‘nalishda ishlayapsizmi?
— Hozir menda bu borada to‘liq ishlash uchun juda kam vaqt bo‘ldi. Hali barcha futbolchilarni yetarlicha yaxshi bilmayman. Albatta, agar menda ko‘proq vaqt bo‘lganida yaxshiroq bo‘lardi. Lekin, albatta, hujumning so‘nggi uchdan bir qismida ishlaymiz. Fakt shu­ki, biz gol ura olmayapmiz. Shuning uchun bu kamchiliklar, ko‘plab muammolar ustida ishlashimiz kerak. Hozir mening vazifam bitta — shu yil «Bunyodkor»ni Superligada saqlab qolish.

Menimcha, «Bunyodkor» bunga munosib. Qancha ko‘p yaxshi futbolchilar ushbu klubdan milliy jamoalarga yetishib chiqqanini, Superligada o‘ynaganini va hozir Yevropa darajasida futbol o‘ynayotganini hammamiz bilamiz. Men uchun «Bunyodkor»ning Superligada o‘ynamay qolishi yoki hozirgi kabi vaziyatda bo‘lishi butun o‘zbek futboli uchun ham salbiy holat bo‘ladi. Shuning uchun mamlakatimizdagi, umuman futbolni yaxshi ko‘radigan barcha insonlar bu vaziyatni tushunishlariga ishonaman.
Umid qilamanki, men ham chetda qolmayman. Bu klub oldida o‘z burchim borligini his qilaman. Shuning uchun bu uch yil... Aynan shu sababli bu yerga keldim — o‘zimda bor barcha narsani klub uchun berish, jamoaga yordam berish uchun.

— Lutfulla To‘rayev qanday vazifani bajaryapti?

— Ayni paytda menga yordam beryapti. Ulug‘bek Bakiyev ham jamoa shtabida ishlayapti. U akademiyada olti yildan buyon faoliyat yuritadi, shuningdek, uch yil davomida musobaqalarda ham ishlagan.

Hozirgi shtabda darvozabonlar murabbiyi Murat Alimov ham bor. U ham akademiyadan chiqqan va klub tizimida anchadan beri faoliyat yuritib kelmoqda. Shuning uchun shtabdagi mutaxassislarning barchasi klub tizimidan chiqqan, biz ularni yaxshi bilamiz va ular bilan uzoq vaqtdan beri ishlab kelyapmiz», - deya Boshkovichning so‘zlarini keltiradi Tribina.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Bunyodkor Bunyodkor
  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Bugungi yangiliklar