Toshkentning «Lokomotiv» jamoasi Muborakning «Mash’al» klubini qabul qilib, 3:0 hisobida raqibini taslim qildi. O‘yindan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yelichich matbuot anjumanida ishtirok etdi.
— Avvalo, vaziyat oson emasligini hammamiz tushunib turibmiz. Yigitlar o‘zlarini yaxshi jamlay olib, o‘yin oxirigacha kurashgani quvonarli. Rostini aytsam, o‘yin bunchalik qiyin kechishini kutmagan edik. Jamoaga hozir avvalgidek bosim yo‘q. Shuning uchun futbolchilar erkinroq harakat qilib, qo‘rqmasdan o‘ynashlari mumkin. Bugun buni ko‘rsatishdi. Ular uchun bu oson o‘yin bo‘lmadi. Zamonaviy futbolda o‘yin tobora ochiq tus olayotganini ko‘ryapmiz. Bunday vaziyatda o‘yin oxirigacha hududlarni avvalgidek qattiq yopib turishning iloji yo‘q. Shuning uchun bugun biz uchun sabrli bo‘lish, shoshilmaslik va o‘z o‘yin intizomimizni saqlash juda muhim edi.
— Jadvaldagi to‘rtinchi o‘rin siz uchun nimani anglatadi?
— Hali oldinda to‘qqiz tur bor. Oxirgi o‘rinlar chempionat 30 turdan keyin yakunlanganida aniqlanadi. Hozir biz bu haqda o‘ylayotganimiz yo‘q. Odatda jadvalga qaramaymiz. Bizning vazifamiz — o‘z o‘yinimizga individual jihatdan nimalar qo‘sha olishimiz, uni qanday yaxshilashimiz mumkinligi haqida o‘ylash. Albatta, boshqalar jadvalga qarashadi. Biz uchun esa birinchi navbatda o‘z o‘yinimiz muhim. Unga nimalar qo‘shishimiz, nimalarni to‘g‘rilashimiz mumkinligi ustida ishlaymiz va o‘z tomonimizdan qilayotgan ishlarimizdan qoniqish hosil qilishni istaymiz. Lekin yigitlardan mamnunman. Qayerda chempionatni yakunlashimiz, rostini aytsam, biz uchun unchalik muhim emas. Biz uchun bu mavsumdan nimalar olishimiz muhim. Masalan, futbolchilarning rivoji, klubning bu mavsumda faqat jadvaldagi o‘rin emas, balki ancha ko‘proq narsaga erisha olishi muhim.
— Ja’far Bahodirovni maydonga tushirganingiz oldindan rejalashtirilgan qarormidi yoki vaziyatdan kelib chiqib shunday qildingizmi?
— Shunchaki qarang, o‘sha vaziyatda bizga energiya yetishmayotgan edi. Dinoning ham kuchi kamaygandi. Tima va Sardor ham... Tima har bir o‘yinda juda ko‘p ishlaydi. Uning darajasidagi futbolchi ham to‘p bilan, ham to‘psiz juda katta hajmda ish bajaradi. Shuning uchun o‘sha paytda bizga yangi kuch va energiya kerak edi.
— To‘rt kundan keyin «Bunyodkor» bilan, undan besh kun o‘tib esa «Neftchi» bilan o‘ynaysizlar. Jamoani tayyorlash uchun bu vaqt kamlik qilmaydimi?
— Yo‘q. Bu avvalo tayyorgarlik jarayonidagi urg‘ularni o‘zgartiradi, xolos. Hozir biz ko‘proq tiklanishga e’tibor qaratamiz. Chunki nimanidir ko‘paytirish, futbolchilar o‘rtasida ko‘p narsani bog‘lash uchun vaqt juda kam.
Asosiysi — ko‘plab tahlillarni amalga oshirish, to‘xtab, nimalarni o‘zgartirish kerakligini ko‘rib chiqish. Biz nimalar qilishimiz kerakligini tushunamiz. Jamoa boshqa raqibga qarshi o‘z o‘yinini qanday qilib eng yaxshi tarzda to‘g‘rilay olishini bilamiz. Albatta, «Mash’al»ga qarshi o‘yindan keyin boshqa mavzuga o‘tamiz. U yerda ham nimanidir o‘zgartirishimiz kerak. Asosiy masala — o‘yinga qanday kirib borishimiz.
— Jamoangizni kuzatganimizda, u tobora ritmga kirib borayotganini ko‘ryapmiz. Asta-sekin, bosqichma-bosqich yuqoriga ko‘tarilyapti. Sizningcha, dunyodagi qaysi murabbiylarni kuzatasiz? Kimlardan o‘rganasiz? Jamoani shu tarzda ritmda ushlab turish va uni asta-sekin kuchaytirish uchun kimlarga qaraysiz? Chunki ba’zi jamoalar birdaniga g‘alaba qozonadi, keyin mag‘lubiyatlar ketma-ketligi boshlanadi. Sizlarda esa aksincha — ritm…
— Juda ko‘p jamoalar bor. Kimlardan o‘rganishim haqida so‘rayapsizmi? Ilgari ham menga yoqqan... Mening sevimli jamoam — «Liverpul». Har doim ular menga yoqqan. Klopp jamoani qanday tayyorlagani, unda qanday energiya bo‘lgani menga juda ma’qul edi. «Barselona» ham — ularning o‘yinni nazorat qilishi, futbolchilarning sifati, maydondagi nazorat... Bu ham menga yoqadi.
Ilgari, masalan, Byelsa ham menga yoqqan. Uning «Lids»dagi ish uslubini kuzatganman. Menimcha, zamonaviy futbol hozir shu tomonga qarab ketyapti. Hozir Italiya jamoalarini ham kuzatishingiz mumkin. Masalan, Fabregas ishlayotgan jamoa bor.
Juda ko‘p narsa o‘zgaryapti. Hozir eng muhimi — pozisional emas, balki futbolchilarning o‘yinga qanchalik tayyor ekani, qo‘shimcha harakatlari, jamoaga qanchalik ko‘p narsa qo‘sha olishi. Kim ko‘proq qo‘shimcha ish bajarsa, ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi. Hozir «Chelsi» ham xuddi shu kabi qo‘shimcha harakatlarni namoyish qila boshladi. «Komo»da ham shunday holatni ko‘ryapsiz, to‘g‘rimi?
— Ha. Siz ikkovingiz tashqi ko‘rinishingiz bilan ham bir-biringizga o‘xshaysiz. U Ispaniya milliy jamoasi bilan Yevropa va jahon chempioni bo‘ldi. Biz ham sizga O‘zbekiston chempioni bo‘lishingizni yoki Kubokni yutishingizni tilaymiz.
— Rahmat», - deya Yelichichni so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.