Live
5
O'zbek

Sergey Lushan: «Tunnel oxirida yorug‘likni ko‘ryapmiz», deb hozircha ayta olmayman»

Eksklyuziv
11 sentabr, 16:13
«Mash’al» ustozi «Lokomotiv» bilan bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Sergey Lushan: «Tunnel oxirida yorug‘likni ko‘ryapmiz», deb hozircha ayta olmayman»
Фото: Машъал ПФК
11.09.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent 3 : 0 Mashal Mashal

Superligada 21-tur bahslari yakuniga yetdi. Toshkentda «Lokomotiv» klubi yaqqol autsayder – «Mash’al»ni qabul qildi va kutilganidek mag‘lubiyatga uchratdi – 3:0.
O‘yindan keyin «Mash’al» bosh murabbiyi Sergey Lushan matbuot anjumanida qatnashdi.

— Avvalo, shuni aytish kerakki, bu dastlabki ikki turdan keyin mazmun jihatidan nimadir ko‘rsatgan, tahlil qilish va o‘ylab ko‘rish uchun asos bergan birinchi o‘yin bo‘ldi. Biz tarkibni deyarli to‘liq o‘zgartirdik. «Tunnel oxirida yorug‘likni ko‘ryapmiz», deb hozircha ayta olmayman. Lekin hech bo‘lmaganda, so‘nggi to‘qqiz turdan keyin bu biz so‘ragan narsalarni futbolchilar bajarishga harakat qilgan birinchi uchrashuv bo‘ldi.
Bugun besh-olti nafar yosh futbolchini tarkibga jalb qildik. Yomon emas. Tarkibda birinchi marta maydonga tushgan futbolchilar uchun yomon ko‘rsatkich emas. Shu yo‘nalishda harakat qilishda davom etsak, qandaydir ijobiy natijaga erishamiz, degan umiddaman. Har qanday holatda ham bizda boshqa futbolchilar yo‘q.

— Siz uchun ijobiy natija nimadan iborat?

— Birinchi navbatda, bu — o‘yinning o‘zi, ya’ni uning mazmuni. Asosiysi esa himoyadagi harakatlar. Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, hech qanday fojia bo‘lmadi. Har bir o‘yinning dastlabki besh-o‘n daqiqasida mutlaqo keraksiz gollarni o‘tkazib yuborayotgandik. Bu uchrashuvda ham bolalarcha xatolarga yo‘l qo‘ydik, golni o‘zimizga o‘zimiz olib keldik. Lekin bu o‘yin boshlanishidan oldin futbolchilarning ko‘ziga qarab, bugun ijobiy natija bo‘lmasligini tushunib turishdan ko‘ra yaxshiroq. Bugun vaziyat biroz boshqacha bo‘ldi va bu bizga yoqdi.

Yana bir bor aytaman: himoyadagi o‘yinimiz, ayniqsa birinchi bo‘limda, nisbatan yaxshi chiqdi. Buni ham inobatga olish kerakki, biz himoya chizig‘ini to‘liq o‘zgartirdik. Endi o‘yinlar davomida sinab ko‘ramiz. Bu pozisiyada yana bir qator futbolchilarimiz bor. Hammasini yig‘inlarda emas, aynan o‘yinlarda sinab ko‘rishga to‘g‘ri kelyapti.
Hozir oldimizda ikki haftalik tanaffus bor. Umid qilamanki, shu vaqt davomida nimanidir yo‘lga qo‘ya olamiz. Hozircha aniq bir narsani ayta olmayman, lekin ayrim ijobiy belgilar bor.

Yosh futbolchilar bizga yoqdi. Albatta, ular jamoaga o‘zlarining kamchiliklari bilan kelgan, lekin, hech bo‘lmaganda, biz talab qilayotgan narsalarni bajarishga harakat qilishyapti. Qayerdadir uddalashyapti, qayerdadir esa yo‘q. Yana aytaman, o‘yin mazmuni bizga nisbatan ma’qul keldi.

Albatta, natija yoqmayotgani tabiiy. Lekin harakatlanish uchun yo‘limiz bor. Biz har kuni nimanidir yo‘q joydan yaratishga, jamoaga ijobiy natija beradigan narsani shakllantirishga harakat qilyapmiz.

Bu yerda barchasi psixologik holatga borib taqaladi. Hozirgina futbolchilar bilan shu haqda gaplashdik. Ulardan hammasini unutib, oldinga qarashni so‘radim. Ularga tushuntirishga harakat qildim: inson nimagadir erishishi uchun avval tubigacha tushib, keyin yana yuqoriga ko‘tarilishi kerak. Ana shunda u kimgadir aylanadi. Aks holda, o‘sha joyda qolib ketadi.

Hozirgi vaziyatimiz shundayki, biz eng quyi nuqtadamiz. Agar barchamiz birgalikda yuqoriga ko‘tarila olsak — buning uchun bitta inson emas, butun jamoa harakat qilishi kerak — shunda nimagadir erisha olamiz.

O‘yinlarda ijobiy natijaga erishishimiz kerak. Qayerdadir g‘alaba qozonishimiz, qayerdadir durang o‘ynashimiz mumkin. Chunki bu ham psixologik jihatdan juda muhim. Hozir bizda na mashg‘ulot jarayonida, na o‘yinlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch yetarli darajada. Albatta, natija hammasiga ta’sir qilyapti.

Mening fikrimcha, bu holatning 80 foizi biz nazorat qila olmaydigan omillar bilan bog‘liq. Na men, na murabbiylar shtabi, na futbolchilar bu muammoni hal qila olamiz. Bu esa o‘yinimizga, futbolchilarning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchiga juda katta ta’sir qilyapti.
Masalan, mashg‘ulot jarayonida ba’zi futbolchilarni kuzataman — ismlarini aytmayman — juda yaxshi harakat qiladi. Ikki-uch, hatto to‘rt nafar raqibni aldab o‘ta oladi. Himoyachi bo‘lgan futbolchini esa umuman aldab o‘tish qiyin, to‘pni yaxshi olib qo‘yadi. Ammo o‘yin boshlanishi bilan go‘yo ularni almashtirib qo‘yishgandek bo‘ladi. Maydonga tushishidan oldinoq futbolchining ko‘ziga qarasangiz, u ruhan mag‘lub bo‘lganini sezasiz.
Biz shu yopiq halqani uzishimiz kerak. Bizga o‘yinlarda natija kerak. Durang kerak, g‘alaba kerak, nimadir qilishimiz kerak. Shu maqsadga yetib borishimiz lozim. Tarkibni ham shuning uchun o‘zgartiryapmiz.

Hozir, menimcha, tarkibimizning 70 foizini zaxira o‘rindig‘i tashkil qilyapti. Ya’ni, butun tarkib, o‘yin uchun zayavkada asosan yosh futbolchilar bor. Menimcha, ular katta futbolda o‘zlarining salohiyatini isbotlashlari kerak. Ular harakat qilishyapti, lekin har doim ham uddalay olishmayapti. Chunki mahorat va tajriba yetishmayapti. Shunga qaramay, ularning harakat qilayotgani, o‘zini ko‘rsatishni, namoyon etishni istagani ko‘rinib turibdi. Umid qilamanki, mana shu o‘yinlar orqali biz istagan nuqtaga yetib boramiz.
Maosh masalasiga kelsak, bizga qandaydir transh ajratildi. Hozir futbolchilar biroz yengil nafas olishdi, bir necha oylik maoshlari berildi. Shukr. Endi ikkinchi transhni kutyapmiz. Ularning aytishicha, bizga ancha oldin berilishi kerak bo‘lgan mablag‘larni hozir ajratishyapti.

Hozir ikkinchi transh vaqti ham keldi va biz uni kutyapmiz. Agar hammasi reja bo‘yicha, uzilishlarsiz amalga oshsa, moliyaviy jihatdan hech bo‘lmaganda keyingi yig‘inlarni rejalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.

Albatta, futbolchilar, xodimlar — umuman, barcha insonlar bir necha oylab pulsiz ishlashi juda og‘ir. Umid qilamizki, va’da qilinganidek, ishlar shu tarzda davom etadi.

— Bir vaqtlar «Mash’al» akademiyasi O‘zbekistondagi eng yaxshi akademiyalardan biri edi. Adashmasam, birinchi akademiya Mubarakda taxminan 20 yil oldin ochilgan. Hozir u yerdagi vaziyat qanday? Qanday futbolchilar shu yerda shug‘ullanmoqda? Umuman, akademiyaning bugungi faoliyati siz uchun qanchalik qiziq?

— Men «Mash’al» akademiyasida bir marta bo‘lganman, adashmasam, 2008–2009 yillar oralig‘ida. O‘sha paytda akademiya bor edi. Agar hozir akademiya bormi yoki yo‘qmi, deb so‘rayotgan bo‘lsangiz, hozir u yo‘q. Balki qog‘ozda bordir. Avvalgi akademiyaning darajasi butunlay boshqacha edi. Albatta, buning uchun moliyalashtirish kerak. Agar asosiy jamoada pul bo‘lmasa, akademiyani qanday moliyalashtirasiz? Avvallari, qanchalik eslasam, bosh homiy «Neftegaz» edi. Futbolga mablag‘ ajratilsa — futbol subsidiyaga muhtoj sport turi — tabiiyki, bolalar futboli, o‘smirlar futboli, yoshlar futboli, asosiy jamoa va boshqa yo‘nalishlar ham rivojlanadi.

Menga «Mash’al» akademiyasi uchun ham, bir paytlar ketma-ket uch yil Osiyodagi eng yaxshi akademiya bo‘lgan «Bunyodkor» akademiyasi uchun ham juda alamli.
Moliyalashtirish bo‘lmagani sababli, aslida, ularning hozirgi ko‘rishi deyarli yo‘q. Qarang, Jahon chempionatiga chiqish — avvalo, o‘n ikki, o‘n uch, o‘n to‘rt, o‘n besh yoshdan boshlab qilingan mehnatning natijasi. 2015 yilda, adashmasam, bir intervyu berganman. O‘shanda ham agar O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqsa, aynan o‘sha futbolchilar — Shomurodov, Shukurov, Hamdamov va boshqalar bo‘lishini aytgan edim. Biz o‘sha vaqtdayoq bu haqda gapirganmiz.

Boshqa yo‘l yo‘q. Chunki futbolchilarni tayyorlash uchun o‘n yil vaqt ketadi va shundan keyingina natija bo‘lishi mumkin. Ammo hammasini bir zumda barbod qilish mumkin. Hozir, hatto bir yilni ham kutmay, futbol saviyasi ikki-uch yil avvalgi darajaga nisbatan tushib ketganini ko‘ryapman. Bu faqat mening fikrim emas, mutaxassislarning ham fikri. Biz doim kuzatib boramiz va chempionatning umumiy saviyasi sezilarli darajada pasaygani ko‘rinib turibdi.

Mening nazarimda, bu, avvalo, klublarni moliyalashtirish muammosi bilan bog‘liq. Albatta, xususiy moliyalashtirish tizimiga o‘tish kerak, deyish mumkin. Lekin bu jarayon, ehtimol, bosqichma-bosqich amalga oshirilishi kerak. Hozir barcha jamoalar uchun juda og‘ir. Biz hamma bilan gaplashyapmiz. Futbolni rivojlantirish rejasi asosida ishlashning o‘zi imkonsiz bo‘lib qolyapti. Hammamiz tanazzulga yuz tutyapmiz. Men shundan qo‘rqamanki, agar bu holat davom etadigan bo‘lsa, jahon chempionatiga chiqish haqidagi orzularimiz yana murakkablashadi. Chunki yangi avlod keladi. Agar biz uni ham yo‘qotsak, keyin yana bir o‘n yil vaqt ketadi.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Lokomotiv Tashkent Lokomotiv Tashkent
  • Mashal Mashal
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar