21-turning so‘nggi turida markaziy uchrashuv «Buxoro» - «Navbahor» o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda mezbonlar raqibiga 1:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Uchrashuvdan keyin buxoroliklar ustozi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida qanday fikr bildirishim mumkin? Biz deyarli barcha komponentlarda mag‘lub bo‘ldik. Shuning uchun raqibni munosib g‘alaba bilan tabriklashdan boshqa gap yo‘q. Shu bois o‘yin, ayniqsa, bizning harakatlarimiz haqida gapirish qiyin. Ko‘p narsa o‘xshamadi. Aftidan, bizda pasayish boshlandi. Afsuski, bir o‘yindan ikkinchisiga futbolimiz sifati tobora yomonlashib boryapti. Natija ham shunga yarasha.
Albatta, hozir ko‘p narsani gapirish mumkin. Lekin yana bir bor aytaman: bularning barchasi o‘zini oqlashdek ko‘rinishi mumkin. Raqib esa bugun barcha jabhalarda bizdan kuchli bo‘ldi va g‘alabaga munosib edi. Biz har tomonlama raqibga yutqazdik. Shuning uchun yana bir bor raqibni g‘alaba bilan tabriklayman.
- Jamoaviy o‘yin haqida... Masalan, «Paxtakor»ga yoki boshqa jamoalarga qarshi o‘yinlarda futbolchilaringizda qandaydir uchqun, jo‘shqinlik ko‘rinadi. Bugun esa bunday holatni ko‘rmadik. Bu nima bilan bog‘liq?
- Bu nima bilan bog‘liqligini bilmayman. Afsuski, bunday muhim o‘yinlarda qanday o‘ynash kerakligini juda yaxshi tushungan edik. Ushbu bahsning ahamiyatini ham yaxshi bilardik. Ammo bugun biz shunday o‘ynay olmadik. Hatto raqibga kurashni ham majburlay olmadik. O‘yin oldidan ko‘rsatmalarda gapirgan narsalarimizning deyarli barchasini amalga oshira olmadik. Uchta golning barchasini, katta hisobda, o‘tish fazalarida o‘tkazib yubordik. Birinchi golni hisobga olmayapman, u yerda uchinchi daqiqada o‘zimiz tushunarsiz tarzda gol o‘tkazib yubordik. Hatto o‘yinning boshidayoq raqibga ustunlik berib qo‘ydik. Bu savolga javob berish men uchun qiyin. Rostdan ham, bugun uchqun bo‘lmadi. Balki futbolchilarimiz biroz charchab, o‘yinlar ko‘payib ketgandir. Kuch yetishmadi, mahorat yetishmadi. Bunday o‘yinlarda faqat his-tuyg‘uning o‘zi yetarli emas, yana nimadir kerak. Bugun esa bizda hech narsa o‘xshamadi. Biz yomon himoyalandik, yomon hujum qildik. Ikkinchi to‘plar uchun kurashlarning barchasida yutqazdik. O‘yinimiz umuman qovushmadi. Bu nimadan ekanini bilmayman, bu haqda o‘ylaymiz. Garchi men buning sababini, aslida, tushunib turibman.
Qarang, balki biz turli futbolchilar bilan o‘ynayotgandirmiz. Lekin hozir buni aytish ham ko‘proq o‘zini oqlashdek ko‘rinadi. Shunday deyman: biz maydon markazini raqibga boy berdik. Markaziy zonada odatda o‘ynaydigan futbolchilarimiz bugun yo‘q edi. Vaholanki, biz aynan markaziy zona hisobiga o‘ynaymiz.
Albatta, harakat ham muhim. Bugun siz aytganingizdek, jamoaga «uchqun» bera oladigan futbolchilarimiz ham yo‘q edi. Ular shunchaki bugun biz bilan emas edi. Bizda bor-yo‘g‘i ikki nafar yarim himoyachi qolgandi. Ularning ikkalasi ham ko‘proq hujumkor rejadagi futbolchilar. Shuning uchun himoyada juda yaxshi ko‘rinmadik. Yana bir bor aytaman: biz o‘tish fazalarida mag‘lub bo‘ldik. O‘tkazib yuborgan uchta golimizning barchasi majburiy bo‘lmagan gollar edi. To‘pni yo‘qotganimizdan keyin raqib bunday vaziyatlardan foydalandi. Shuni aytish mumkinki, jamoada pasayish bor. Afsuski, bu pasayishsiz mavsumni o‘tkaza olmadik.
Biz birinchi ham emasmiz, oxirgi ham emasmiz. Hozir ko‘plab jamoalar beqaror o‘ynayapti. Shuning uchun vaqt bor. O‘ylaymiz, qarorlar qabul qilamiz va bu vaziyatdan chiqishga harakat qilamiz.
- Bugungi o‘yindan keyin «Buxoro» bronza medallari uchun kurashdan chiqib ketdimi?
- Agar nazariy jihatdan oladigan bo‘lsak, ehtimol, ha. Chunki sakkiz ochko — bugungi chempionatdagi zichlikni hisobga olsak, katta farq. Bu kamomadni qoplash qiyin bo‘ladi. Lekin yana bir bor takrorlayman: hozir barcha jamoalar ochko yo‘qotyapti. Hech kim hozircha mutlaqo barqaror o‘ynamayapti. Shuning uchun harakat qilib ko‘ramiz, mavsumni davom ettiramiz. Chiqish yo‘lini izlaymiz, futbolchilar uchun motivatsiya qidiramiz. Oldinda hali o‘nta tur bor, hozir to‘xtab qolishga erta. Harakat qilamiz, bor kuchimizni ishga solamiz.
Albatta, Ro‘ziyevni yo‘qotganimizdan keyin ancha kuchsizlandik. Natijalarning o‘zi ham buni ko‘rsatib turibdi. Haydarov terma jamoaga ketdi, Xayrullayev ham yo‘q edi. Shuning uchun tayanch zonada katta muammolar yuzaga keldi. Jo‘rayev esa kartochka olgani sabab diskvalifikatsiya qilindi. Bizda raqibning hujumlarini buzib, to‘pni olib qo‘yadigan tipdagi yarim himoyachi yo‘q edi. Baribir ikki nafar yarim himoyachimiz ham, Quvondiq Ro‘ziyev ham ko‘proq hujumkor rejadagi futbolchilar. Shuning uchun ularning himoyaviy ko‘nikmalari hozircha yetarlicha yuqori emas. Menimcha, bugungi o‘yinda mag‘lub bo‘lganimiz sabablaridan biri ham shu.
- Bir necha o‘yindan beri Begich haqida gapiryapmiz, unga o‘yinni davom ettirish uchun yetarlicha imkoniyat berilmayapti. Ko‘pincha eng yaxshi ko‘rinayotgan futbolchilardan biri — Dominik Begich. Nega unga kam vaqt berilyapti? Axir Niki Kacharava o‘z imkoniyatlaridan foydalana olmayapti-ku?
- Birinchidan, raqibda bo‘yi baland to‘rt nafar himoyachi borligini hisobga oldik. Siz ham ko‘rdingiz. Shuning uchun bizga yuqori to‘plarda kurasha oladigan futbolchi kerak edi. Nikining bo‘yini hisobga olgan holda, uning roli bugun Dominik Begichning rolidan muhimroq bo‘ladi, deb hisobladik. Shuning uchun u asosiy tarkibda maydonga tushdi.
- Hamroyev jarohat olganidan keyin bu holat o‘yinga qanchalik ta’sir qildi?
- Bu o‘yinga qanchalik ta’sir qilganini bilmayman. Menimcha, uning jarohati emas, balki gol o‘tkazib yuborgan epizodimiz kuchliroq ta’sir qildi. Uchinchi daqiqada majburiy bo‘lmagan gol o‘tkazib yubordik. Yana raqibga burchak zarbasini tez ijro etish imkonini berdik va natijada tushunarsiz vaziyat yuzaga keldi. Shunday qilib, juda noqulay gol o‘tkazib yubordik. Bunday muhim o‘yinda uchinchi daqiqadayoq raqibga ustunlik berib qo‘yish yoqimli emas. Shu sababli ehtimol, bu ham ta’sir qilgandir.
Garchi biz hisobni 1:1 qilib, o‘yinga qayta olgan bo‘lsak-da, keyin... Ha, biz juda yaxshi himoyalanmadik, lekin birinchi bo‘limdagi shu goldan keyin raqibda aniq imkoniyatlar bo‘lganini eslay olmayapman. Ular ustunlik qildi, tashabbusni o‘z qo‘lida ushladi, lekin mening nazarimda, yaqqol golli vaziyatlar unchalik ko‘p bo‘lmadi. Yana bir bor aytaman, biz biroz ochilib ketdik va raqib bizni shuning uchun jazoladi. Bunday o‘yinlar biroz boshqacha o‘ynaladi. Bu — tajriba. Tajriba esa insonga hamma narsani o‘rgatadi. Yana bir bor aytaman, bu vaziyatdan chiqishga harakat qilamiz», - deya Xomyakovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.