22 yoshli Zeynep Mestan «Turgutluspor» erkaklar jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Mestan ushbu lavozimni egallagan klub tarixidagi ilk ayol murabbiy bo‘ldi. Klub prezidenti Yilmaz Genchturkning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassis o‘z loyihasi va murabbiylar shtabi bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan so‘ng tanlangan.
Mestan 2004-yil 30-iyul kuni Izmirda tug‘ilgan. U futbolchilik faoliyatini 2019-yilda boshlagan va «Karshiyaka», «Belediyespor», «Bornova Xitap Spor» kabi jamoalarda to‘p tepgan. Keyinchalik murabbiylik faoliyatiga e’tibor qaratish maqsadida futbolchilik faoliyatini erta yakunlagan.
Yangi bosh murabbiy Yevropada Pep Gvardiolani, Turkiyada esa Sergen Yalchinni o‘ziga namuna sifatida ko‘rishini ta’kidladi. Mestanning uzoq muddatli maqsadi — besh yil ichida «Turgutluspor»ni Turkiyaning ikkinchi darajali ligasiga olib chiqish.
Ayni paytda «Turgutluspor» havaskorlar darajasida ishtirok etmoqda.

