AQSH milliy jamoasi bosh murabbiyi Mauritsio Pochettino «Chelsi»dan 2016/17 yilgi mavsumdagi APL chempionligi unvonini olib, «Tottenhem»ga berish kerakligini ta’kidladi.
O‘sha mavsumda Pochettino boshqargan «Tottenhem» 86 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. «Chelsi» esa Antonio Konte qo‘l ostida 93 ochko jamg‘arib, chempionlikni qo‘lga kiritgan.
Pochettino «Chelsi»ning o‘sha davrdagi transferlar bilan bog‘liq qoidabuzarliklari uchun jazolanganini eslatib, agar qoidalar buzilgani tasdiqlangan bo‘lsa, chempionlik sovrini ikkinchi o‘rinni egallagan jamoaga berilishi kerakligini aytdi.
«Agar siz qoidalarni buzgan bo‘lsangiz, demak, chempionlikka loyiq emassiz. Sovrin boshqa jamoaga berilishi kerak», — dedi Pochettino Metro nashriga bergan intervyusida.
Argentinalik mutaxassis «Chelsi» o‘sha mavsumda yomon o‘ynagani yoki Konte jamoasi chempionlikka loyiq bo‘lmagani haqida gapirmayotganini alohida ta’kidladi. Uning fikricha, asosiy masala barcha klublar uchun qoidalarning bir xil qo‘llanishida.
Pochettino 2014–2019 yillarda «Tottenhem»ni boshqargan, 2023/24 yilgi mavsumda esa «Chelsi» bosh murabbiyi bo‘lgan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi