«Real» hujumchisi Kilian Mbappe jamoadoshlarining aksariyati bilan faqat professional munosabatda. Bu haqda The Touchline OK Diario manbasiga tayanib xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Mbappe va Vinisius Junior o‘rtasidagi munosabatlar ham do‘stlik darajasida emas. Garchi ular jamoatchilik oldida yaqin ko‘rinsada, futbolchilar bir-biri bilan yaqinlashishga alohida intilmaydi.
«Ularning munosabatlari asosan professional xarakterga ega. Shu bilan birga, ikkisidan hech biri bir-biriga yanada yaqinlashishga alohida intilmaydi», — deya manba so‘zlarini keltiradi nashr.
Shuningdek, jamoada Jud Bellinghem bilan bog‘liq ma’lum taranglik ham borligi aytilmoqda. Avvalroq angliyalik yarimhimoyachiga Mbappe va Vinisiusning ayrim xatti-harakatlari yoqmagani haqida xabarlar tarqalgan. «Real» rahbariyati esa Bellinghemdan sabrli bo‘lishni va ayrim holatlarga ortiqcha e’tibor qaratmaslikni so‘ragan.
Ma'lumot uchun, «Real» rahbariyati jamoa ichidagi taranglikni kamaytirish va asosiy yulduzlarning kelishmovchiliklarga qaramay birgalikda samarali ishlashini ta’minlashga harakat qilmoqda.