Bugun, 8-oktyabr kuni Proliganing 21-turi doirasida «Kattaqo‘rg‘on» va «Metallurg» jamoalari o‘rtasidagi bahs bo‘lib o‘tishi kerak edi. Bellashuv Samarqanddagi «Afrosiyob» stadionida soat 16:00 ga belgilangan.
Bahsga har ikki jamoa va uning rasmiylari o‘z vaqtida yetib kelgan. Biroq tez tibbiy yordam mashinalari hamda xavfsizlik uchun mas’ul organlarning kechikishi sababli bahsni belgilangan vaqtda boshlashning imkoni bo‘lmagan.
Proliga reglamentining 15.18-bandiga ko‘ra, bunday vaziyatlarda bahs komissari 30 daqiqa kutganidan so‘ng mezbon jamoaga texnik mag‘lubiyat yozish huquqiga ega. Shuningdek, «Afrosiyob» stadionidagi yoritish tizimi professional futbol bahslarini o‘tkazish talablariga javob bermaydigan holatda bo‘lgani aniqlangan.
Shu sababli bahs komissari «Kattaqo‘rg‘on»ga 0:3 hisobidagi texnik mag‘lubiyat, «Metallurg»ga esa xuddi shu hisobdagi texnik g‘alaba yozish haqida qaror qabul qilgan. Qaror Proliga reglamenti talablari asosida chiqarilgan.