«Barselona» prezidenti Joan Laporta Xulian Alvares transferini amalga oshirish uchun muzokaralarga shaxsan aralashdi.
Diario Sport xabariga ko‘ra, kataloniyaliklar Madridning «Real» klubi ham futbolchi uchun kurashga qo‘shilganidan xavotir olmayapti. Klubdagilar buni transfer jarayonidagi navbatdagi «shaxmat yurishi» sifatida baholamoqda va «Real»ning maqsadi bitimni murakkablashtirish deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, Laporta argentinalik hujumchining agenti Fernando Idalgo bilan uchrashgan.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, agent «Barselona» prezidentiga «Real» tomonidan Alvares uchun hech qanday rasmiy taklif bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Shuningdek, futbolchining o‘zi ham bunday variantni ko‘rib chiqmasligi aytilgan.
Qayd etilishicha, Alvaresning pozitsiyasi aniq — agar u «Atletiko»ni tark etsa, faqat Ispaniya chempionlari safiga o‘tishni istaydi.
Laporta va Idalgo uchrashuv davomida transfer summasini ham muhokama qilgan. «Barselona» futbolchi uchun 120 million yevro va bonuslar taklif qilishga tayyor. Bitim tuzilishiga qarab umumiy summa 130 million yevroga yaqinlashishi mumkin, biroq undan oshishi kutilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Real» Xulian Alvares uchun 150 million yevrolik taklif yuborgan, ammo «Atletiko» uni rad etgandi.
Ma’lumot uchun, Madrid klubi endi «Barselona»ga ham futbolchini 150 million yevrodan arzon narxda sotmasligini bildirishi mumkin.