«G'azalkent» jamoasi Proliganing 10-turida o'ziga xos sensatsiya qayd etdi. G'uzorda musobaqa yetakchilaridan biri sanalgan «Sho'rtan» mehmoni bo'ldi. Zayniddin Tojiyev boshchiligidagi «G'azalkent» bir futbolchi kam bo'lgan holda mezbonlar darvozasiga o'yin oxirlarida ikkita gol urishga muvaffaq bo'lishdi va safardan o'ta qimmatli uch ochkoni qo'lga kiritishdi.
Mehmonlar bosh murabbiyi Zayniddin Tojiyev o'yindan keyingi matbuot anjumanida tabiiyki, ko'tarinki kayfiyatda o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
- O'yinga keladigan bo'lsak, bugun juda qiyin uchrashuv bo'lishi kutilgan holat edi. Chunki xohlaysizmi-yo'qmi, «Sho'rtan» jamoasi o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan. Yetakchi jamoaga va tag'in mehmonda to'p surish og'irligini bilardik. Futbolchilarga shu narsalarni singdirdik. Xudoga shukur, yigitlar qo'yilgan vazifalarni hammasini bajarishdi. Bundan tashqari, bor kuch va imkoniyatlarini ham ishga solishdi. Ikkinchi bo'limda futbolchimiz maydondan chetlatildi. Shuning hisobiga ham birinchi navbatda shogirdlarimga rahmat aytmoqchiman. Mas'uliyatni his qilishdi va o'yinda bor kuchini berishdi. «Sho'rtan» jamoasiga keyingi o'yinlarda omad tilayman.
- O'z vaqtida chempionatimizda o'ynagan tajribali futbolchi bo'lgansiz. Bugun shogirdlaringiz maydonda bir o'yinchi kam bo'lib qolganida, ularga bor tajribangizdan kelib chiqib ko'rsatmalar berdingiz...
- Bu alohida mavzu. Yigitlarga o'yindan oldin ko'rsatma berayotganda doim ta'kidlaymiz: yutamizmi, yutqazamizmi, har qanday holatda ham avvalo muvozanatni yo'qotish kerak emas. Mas'uliyatni his qilgan holda shogirdlarim bugun shunaqa o'yin ko'rsatishdi. Bu faqatgina mas'uliyatni his qilgani uchun. Maydonda 10 kishi 11 o'yinchiga qarshi bo'lib qolganda ham futbolchilar borini berishdi. Shu bois yigitlarga rahmat aytaman.
- Jamoangiz oldiga qanday maqsad qo'yilgan?
- Bizda maqsad: bolalarni tarbiyalash, katta futbolga iqtidorli o'yinchilarni yetkazib berish. Chetda ham futbolchi chiqarish maqsadimiz. Faqat rivojlanish bo'yicha ishlash. Yangi iqtidorlilarni jalb qilib, katta jamoalarga jo'natish vazifamiz.
- O'yindan oldin aynan shunday natija kutganmidingiz?
- Baribir jamoani faqat g'alaba uchun tayyorlaysiz-da. Durang o'ynaymiz, maydonda yotib olamiz, degan narsa yo'q. O'yinchilarni katta futbolga tayyorlayapmizmi, doim yuqori maqsad qo'yiladi. Har bir uchrashuvdan oldin faqat yutish vazifamiz. G'alaba qozonamizmi-yo'qmi, o'yindan keyin bilamiz. Uchrashuvda yigitlarning xato va kamchiliklarini o'yindan keyin tahlil qilamiz hamda buning ustida mashg'ulotlarda ishlab, keyingi o'yinlarda xatolar qilmaslikka harakat qilamiz», — deya Tojiyevning so'zlaridan keltiradi Tribuna.uz muxbiri.
Zayniddin Tojiyev: «Maydonda 10 futbolchi qolganda ham yigitlar borini berishdi»
Futbol
10 iyun, 14:28
«G'azalkent» murabbiyi jamoasi g'alabasi haqida gapirdi.
Фото: Шўртан ПФК