Kecha, 8 iyun kuni UzPFL ishchi guruhi Nukus shahrida bo‘ldi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
«Safar davomida Liga rahbari Diyor Imomxo‘jayev Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev bilan uchrashdi hamda «Orol» futbol klubi va «Turon» stadion masalasida suhbatlashdi.
Ayni vaqtda «Orol» Proliga doirasida 10 ta uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, mag‘lubiyatsiz seriya hamda 26 ochko bilan musobaqa peshqadami bo‘lib turibdi. Shundan kelib chiqib, «Orol» Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun asosiy nomzodlardan biri hisoblanadi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi «Orol» klubini rivojlantirish hamda «Turon» stadionini ta’mirlash masalasida barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Rejaga ko‘ra, «Turon» stadioni shu yilning kuz oylarida foydalanishga topshiriladi.
Ayni vaqtda stadionga FIFA talablariga javob beradigan qoplama yotqizilgan. Shuningdek, Liga talabi bo‘yicha zamonaviy projektorlar to‘liq o‘rnatilgan.
Hozirda sifatli teletranslyatsiya imkoniyatini ta’minlovchi kabellashtirish ishlari, kamera platformalarini joylashtirish, media tribuna, sharhlovchilar xonasi hamda matbuot anjumani zalini tashkil etish ustida ishlar olib borilmoqda.
«Turon» stadioni uchun VAR texnikasi xarid qilingan bo‘lib, yaqin kunlarda uni o‘rnatish ishlari ham boshlanadi. Stadionning texnik nuqtalari Liga taklif etgan loyiha asosida amalga oshirilgan. Zaxira o‘rindiqlari, kiyim almashtirish xonalari va VIP lojalari zamonaviy ko‘rinishda bunyod etilgan.
Stadion 12 ming tomoshabinga mo‘ljallangan bo‘lib, kelajakda respublika futbolining eng muhim va zamonaviy markazlaridan biriga aylanishiga shubha yo‘q. Rejaga ko‘ra, Liga ishchi guruhi iyul oyining so‘nggi o‘n kunligida Nukusga qaytadi.
Ma’lumot uchun, «Orol» kuni kecha OFK klublarni litsenziyalash shartlarini muvaffaqiyatli bajargan klublar safiga qo‘shildi. Bu klub tarixidagi muhim yangiliklardan biri hisoblanadi», — deyiladi xabarda.