Live
3
O'zbek

O'zbekistonning 19 ta klubi OFK litsenziyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi

Futbol
8 iyun, 07:20
O‘zbekiston bu borada Qatar bilan yetakchi bo‘ldi.
     Izzatillayev Aʼzamjon
Aʼzamjon Izzatillayev Editor
O'zbekistonning 19 ta klubi OFK litsenziyasidan muvaffaqiyatli o‘tdi
Foto: UzPFL

O'zbekiston Superligasi va Proligasida ishtirok etadigan 19 ta klub OFK tomonidan litsenziyadan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.

«Osiyo futbol konfederatsiyasi 2026-2027 yilgi mavsumda litsenziya tekshiruvlari natijasida klublar miqyosidagi qitʼaviy musobaqalarda ishtirok etishga layoqatli deb topilgan klublar ro‘yxatini eʼlon qildi.

Joriy yilgi litsenziyalash mavsumi natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 19 ta klubi OFK litsenziyasidan muvaffaqiyatli o‘tib, professional klub maqomini oldi. Ahamiyatlisi, joriy yilga natijalarga ko‘ra, Superliganing barcha jamoalari, shuningdek, Proliganing uch klubi — «Orol», «Metallurg» hamda «Sho‘rtog‘» litsenziyaga ega chiqdi. Bular orasidan Qoraqalpog‘istonning «Orol» klubi o‘z tarixida ilk bor litsenziatga aylandi.

Konfederatsiya taqdim etgan maʼlumotga asoslan, O‘zbekiston va Qatar litsenziatlar soni bo‘yicha qitʼada yetakchi bo‘lib turibdi — 19 tadan. Saudiya Arabistoni esa 18 ta litsenziat bilan keyingi o‘rinda litsenziyalash mavsumini yakunladi.

Klublari OFK litsenziyasini olgan Osiyo ligalari
Foto; UzPFL


Taʼkidlash joizki, klublarimizning OFK litsenziyalashidagi faol ishtiroki nafaqat ulardagi infratuzilma, kadrlar siyosati, yuridik va buxgalteriya ishlarining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishiga, balki barcha klublarimizning qitʼa miqyosidagi musobaqalarga shay holatda bo‘lishlarini taʼminlamoqda. Jumladan, joriy yilning aprel oyida OFK Professional futbol qo‘mitasi tomonidan qabul qilingan hamda OFK Ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan OFK Elit Chempionlar Ligasining kengaytirilishi natijasida O‘zbekiston uchun ajratilgan kvotalar soni yana bittaga ko‘payib, «Nasaf» klubi ham kelgusi mavsumdan xalqaro maydonda ishtirok etishi oydinlashdi. Klub litsenziyalash mavsumiga befarq bo‘lmagani natijasida ularning musobaqadagi ishtiroki litsenziyalash masalasi to‘ganog‘ bo‘lmayapti.

Maʼlumki, OFK litsenziyalash dasturi futbol klublarining aniq modelini belgilab bergan hamda bu jarayonda bir qator o‘zgarmas modellarga tayanadi. Biroq so‘nggi yillarda milliy ligalarimizda FarDU, BuxDU va TerDU kabi universitet jamoalari, «Olimpik Mobius» hamda Respublika FA singari davlat miqyosida yoshlar futbolini rivojlantirishga yo‘naltirilgan maxsus loyihalar, shuningdek, «G‘azalkent» va «Kattaqo‘rg‘on» kabi xususiy klublar ham faoliyat olib bormoqda. Ushbu klublardan baʼzilari yangi tashkil etilgani vajidan OFK litsenziyasiga ega chiqolmayotgan bo‘lsa, baʼzilari tuzilish shakli tufayli amaldagi reglamentga ko‘ra bunday litsenziyani ololmaydi. Shularni inobatga olgan holda, Liga ayni vaqtda mazkur klublarning infratuzilma bilan bog‘liq bir qator asosiy yo‘nalishlarini o‘rganib bormoqda va ular ushbu tekshiruvlardan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, yil yakuniga qadar professional klub maqomini olgan klublar soni yana bir nechtaga ko‘payishi mumkin.

Shu o‘rinda, Liga OFK litsenziyatiga aylangan klublarimizni samimiy qutlab, kelgusi mavsumlarda bunday klublarimiz soni yanada oshishiga umid bildiradi», — deyiladi xabarda.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
  • Pro Liga Pro Liga
Bugungi yangiliklar