Bugun
41
O'zbek

Kyeza «Liverpul»ni tark etishi mumkinligini tan oldi

Futbol
6 iyun, 07:02
Italiyalik vinger muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni istamoqda.
Икром Рузимуродов
Ikrom Roʻzimurodov Editor
Kyeza «Liverpul»ni tark etishi mumkinligini tan oldi
Foto: Getty Images

Federiko Kyeza yozgi transferlar oynasida «Liverpul»ni tark etishi mumkinligini ma’lum qildi.

28 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmagani sababli kelajagi borasida klub va yangi bosh murabbiy Andoni Iraola bilan suhbatlashishni rejalashtirmoqda.

«Men o‘ynashni xohlayman. Agar Premyer Ligada barqaror o‘yin amaliyotiga ega bo‘lmasam, uni boshqa joydan izlashimga to‘g‘ri keladi. O‘tgan mavsum juda kam daqiqalarda maydonga tushdim. AQSHdagi yig‘inga boraman, keyin klub va Iraola bilan gaplashamiz», — dedi futbolchi Gazzetta dello Sport nashriga.

Kyeza 2026 yil boshidan buyon kam o‘ynaganini ta’kidladi va yanvar oyida ham klub uni qo‘yib yubormaganini eslatib o‘tdi.

«Liverpul» bilan munosabatlarim juda yaxshi. Yanvarda klub va Arne Slot ketishimga ruxsat bermadi. Jamoaga kerak edim. Tarkibda muammolar bor edi va men vaziyatni tushundim. Axir gap «Liverpul» haqida ketmoqda. O‘tgan yili ular bilan Premyer Liga chempioniga aylandim», — deya qo‘shimcha qildi italiyalik futbolchi.

Shuningdek, Kyeza «Yuventus»ga qaytish yoki Yevropa Chempionlar ligasida qatnashadigan «Komo»ga o‘tish ehtimoli haqida ham fikr bildirdi.

«Men barcha variantlarga ochiqman. Men uchun eng muhimi — o‘yin amaliyoti. O‘zimni asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishim shart deb hisoblamayman. Qayerda bo‘lmasin, o‘rnim uchun kurashishga tayyorman», — dedi vinger.

Eslatib o‘tamiz, Kyeza o‘tgan mavsum Angliya Premyer Ligasida faqat bir marta asosiy tarkibda maydonga tushgan edi.

Ma’lumot uchun, italiyalik futbolchining nomi so‘nggi haftalarda «Yuventus» va «Komo» klublari bilan bog‘lanmoqda.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Liverpul Liverpul
Bugungi yangiliklar