Belgiya milliy jamoasi darvozaboni Tibo Kurtua yangi bosh murabbiy Mark van Bommel bilan ishlashga tayyorligini ma’lum qildi. Biroq u milliy jamoadagi faoliyatini davom ettirish uchun bitta shartni ilgari surdi.
34 yoshli posbonning aytishicha, u UEFA Millatlar ligasi bahslarida dam olish imkoniyatiga ega bo‘lishni istaydi. Shundan so‘ng Yevro saralash bahslariga qaytish masalasini murabbiylar shtabi va Belgiya futbol federatsiyasi bilan muhokama qiladi.
«Mark van Bommelning tayinlanishi men uchun kutilmagan voqea bo‘lmadi. Uning nomi avvaldan tilga olinayotgandi. Menimcha, u «Antverpen»da o‘zini yuqori saviyadagi murabbiy sifatida isbotlagan. Ko‘plab futbolchilar u haqida iliq fikr bildiradi va men ham u bilan ishlashni intiqlik bilan kutyapman», — dedi Kurtua.
Darvozabon Van Bommelning futbolchilik faoliyatini ham alohida e’tirof etdi.
«U eng yuqori darajada futbol o‘ynagan va bunday bahslarning qanday o‘tishini yaxshi biladi. Bu tajriba murabbiy sifatida ham unga katta hurmat keltiradi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, Tibo Kurtua Belgiya milliy jamoasi safida 115 ta bahsda maydonga tushgan. Mark van Bommel esa murabbiylik faoliyati davomida «Antverpen» bilan Belgiya chempionligi, mamlakat kubogi va Superkubogini qo‘lga kiritgan.