O'zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Kanadaga qarshi uchrashuv (0:2)dan keyin matbuot anjumanida ishtirok etib, o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"Har qanday uchrashuvlarda, albatta, xatolar bo'ladi. Xatolarni 10 kundan keyingi o‘yinlarda emas, aynan mana shunday o‘rtoqlik bahslarida qilgan yaxshiroq. Futbol shunday.
Birinchi bo'limda jamoamiz ixcham va agressiv o'ynadi. Ikkinchi bo'limda esa to'p nazoratini ko'proq qo'lga olishni xohladik. Biroq intensivlikni yo'qotdik va bir nechta xatolarga yo'l qo'ydik. Bunday o'yinlarda xato qilsangiz, buning uchun jazolanasiz.
Futbolchilarimdan aynan birinchi bo'limdagidek intensivlikni kutgandim. Men kelganimdan beri yuqori intensivlikda o'ynash ustida ishlayapmiz.
Osiyo futboli bilan xalqaro futbol o'rtasidagi farqni yaxshi bilaman. Bu oson emas, ammo birinchi bo'limda jamoamda ko'plab ijobiy jihatlarni ko'rdim.
Men Kanada milliy jamoasini anchadan beri kuzatib boraman. U yerda ko'plab do'stlarim bor. So'nggi 3-4 yil ichida jamoa sezilarli darajada o'sdi.
Futbol Kanadada juda ommalashdi. Ko'plab do'stlarim bilan suhbatlashdim. Bugun ham juda iqtidorli futbolchilarni ko'rdim.
Yuqori intensivlikda o'ynaganda jarohatlar bo'lib turadi. Hozircha jiddiy narsa yo'q. Ertaga va indinga nima bo'lishini ko'ramiz.
Menimcha, bugun hamma uchun eng katta muammo sovuq ob-havo bo'ldi. Shunga qaramay, ko'plab muxlislar stadionga kelishdi. Bunday qo'llab-quvvatlash ostida o'ynash biz uchun juda yoqimli bo'ldi.
Bunday stadionda o'ynash imkoniyatiga ega bo'lsangiz, bundan zavqlanishingiz va qadrlashingiz kerak. Bizni qo'llab-quvvatlash uchun kelgan muxlislarga rahmat aytishimiz kerak. Bugun bu sovuq havoda stadionga kelish oson bo'lmadi.
Portugaliya, Kolumbiya va Kongo DR juda kuchli jamoalar. Ulardan ikkitasi dunyoning eng kuchli jamoalari qatoriga kiradi.
Bu jamoalar bilan o'ynash juda qiyin bo'lishini bilamiz. Lekin futbolchilarimga ham aytdim: bizda yo'qotadigan hech narsa yo'q.
Bu mamlakatimiz tarixidagi ilk jahon chempionati. Shuning uchun ularga faqat bitta narsani aytaman — bundan zavqlaning. Jahon chempionatida o'ynash imkoniyati har doim ham nasib etavermaydi.
Husanov juda yaxshi futbolchi. U hali yanada rivojlanishi mumkin, chunki uning salohiyati juda yuqori.
Ba'zan haddan tashqari agressiv bo'lib ketadi, hozir esa vaziyatlarni yaxshiroq o'qishni o'rganishi kerak. Biroq himoyachi sifatida u juda ham yaxshi futbolchi", — dedi Kannavaro.