«Chelsi» hujumchisi Joau Pedro sonidan olgan jarohati tufayli bir necha hafta davomida maydonga tusha olmaydi. Bu haqda London klubi bosh murabbiyi Xabi Alonso «Liverpul»ga qarshi bahs oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«U sonidan jarohat olgan va bir necha hafta safdan tashqarida bo‘ladi. Qancha muddatga safdan chiqqanini ko‘ramiz. U yaqin o‘yinlarga tayyor emas», — dedi Alonso.
Mutaxassis braziliyalik hujumchining jamoa uchun ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Joau Pedroning yo‘qligi «Chelsi» uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ladi. Shu sabab murabbiylar shtabi uning o‘rnini to‘ldirish uchun mavjud variantlarni ko‘rib chiqmoqda.
«U bizning asosiy futbolchilarimizdan biri. U bizga yetishmaydi. Ertangi «Liverpul»ga qarshi bahsdan boshlab, uning yo‘qligiga moslashishga tayyor bo‘lishimiz kerak. Har bir o‘yin uchun eng yaxshi tarkibni tanlash maqsadida barcha variantlarni baholayapman. Shanba kuni ham shunday qilgandim, ertaga ham shu yo‘ldan boraman», — deya qo‘shimcha qildi «Chelsi» bosh murabbiyi.
Eslatib o‘tamiz, «Chelsi» navbatdagi bahsda «Liverpul» bilan to‘qnash keladi. Bellashuv 31 oktyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 17:30 boshlanadi.