«Real» hujumchisi va Fransiya milliy jamoasi a’zosi Kilian Mbappe Xitoy xalqidan uzr so‘rab, rasmiy bayonot e’lon qildi. Futbolchi avvalgi intervyusida bildirgan fikrlari Xitoyda salbiy munosabatga sabab bo‘lganidan afsusda ekanini ta’kidladi.
«Yaqinda bergan intervyum davomida o‘zim tasvirlangan suratga munosabat bildirdim. Izohimni o‘ylamasdan aytgan edim. Endi esa bu gaplarim Xitoydagi va butun dunyo bo‘ylab yashayotgan xitoylik jamoalar vakillarining ko‘ngliga tekkanini tushunyapman.
So‘zlarimdan ranjigan barcha insonlardan uzr so‘rayman. Bu mening mutlaqo niyatimda bo‘lmagan. Men Xitoy xalqi va uning tarixiga chuqur hurmat bilan qarayman hamda yuz bergan voqeadan chin dildan afsusdaman», — deyiladi Mbappening ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida.
Mojaroga futbolchining intervyu davomida o‘zi ishtirok etgan mem haqidagi izohi sabab bo‘lgan. Mbappe unda uning yuzi «qandaydir yigit — shekilli, xitoylik diktator» tasviriga joylashtirilgan suratni kulgili deb atagan. Taxminlarga ko‘ra, gap Xitoyning sobiq rahbari Mao Szedun haqida borgan.
Ma’lumot uchun, ushbu izoh ortidan Xitoyning Dongpeng va Mengniu kompaniyalari Mbappe bilan homiylik hamkorligini to‘xtatgani haqida The Guardian nashri xabar bergan edi.