Yana bir necha soatlardan so‘ng O‘zbekiston milliy jamoamiz jahonga chiqqan dastlabki o‘yinida Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi. Butun millat, butun xalq ushbu tarixiy uchrashuvni katta hayajon, ishtiyoq bilan kutmoqda. Hamma duoda, hamma qo‘llab-quvvatlamoqda.
O‘zbek futboli jamoatchiligi ham bosh jamoamizning tarixiy o‘yin ostonasidagi fikr va mulohazalarini bildirishda davom etmoqdalar.
Jumladan, "Andijon" ustoz Islom Ahmedov bu borada quyidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Milliy jamoamizning tarixda ilk bor mundialda ishtirok etishi haqida
- Milliy jamoamiz tarixda birinchi marta jahon chempionatida ishtirok etyapti. Bu o‘z-o‘zidan futbolchilarimizning qahramonligidir. Ular tarixda qoladilar va shu narsa ularga nasib qildi. Milliy jamoamizning mundialda ishtirok etishi katta yutuq, bu qahramonlik.
- O‘rtoqlik o‘yinlarida Kannavaro imzosi ko‘rindimi?
- Bosh murabbiyimiz italiyalik. Italiya futboli tarixini ko‘radigan bo‘lsak, eskidan ularda himoyaviy o‘yin yaxshi shakllangan. O‘rtoqlik uchrashuvlarida qayerdadir shu narsa ko‘rindi. Chunki futbolchilarimiz yaxshi va to‘g‘ri himoyalanishyapti.
Guruhdan chiqish imkoniyatimiz to‘g‘risida
- Guruhimizga kelsak, o‘zbekistonlik sifatida, Vatanparvarlik holatida aytishim mumkinki, albatta keyingi bosqichga chiqishini juda ham xohlaymiz. Bunga futbolchilarimizning salohiyati yetarlicha. Ya’ni, qo‘lidan keladi. Borini berib, oxirigacha harakat qilsalar, guruhdan chiqishga imkoniyatimiz bo‘ladi.
- Milliy jamoamizning jahon chempionatida qatnashishi o‘sib kelayotgan yoshlarga qanday motivatsiya beradi?
- Jahon chempionatiga chiqqanimizdan keyingi o‘zgarishlar shuni ko‘rsatyaptiki, o‘z-o‘zidan futbol to‘garagiga bolalarning kelishi keskin ko‘paydi. Professional futbol faoliyatini boshlayotgan yoshlarimiz ham o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishyaptiki, ularga yaratib berilayotgan sharoitlar, taqdirlanishlar, muhtaram Yurtboshimiz tomonidan berilayotgan e’tiborni ko‘rayotgan har qanday o‘yinchi o‘z-o‘zidan shu darajaga chiqishni orzu qilishadi. Shunday ekan, bu ularga katta motivatsiya.
- Mundialda favoritlar kimlar?
- Yaqqol favorit deb aniq bir milliy jamoani ko‘rsatish qiyin. Dunyoda futbol tezlik bilan rivojlanib boryapti. Hozirgi murabbiylar zamonaviy futbol talablarini to‘liq bajarishyapti. Shuning uchun birortasini yaqqol favorit sifatida ajratish qiyin. Jamoalar tarkiblarini qarasangiz ham hatto ba’zi yetakchi futbolchilar o‘z milliy jamoasi tarkibidan tushib qolishyapti. Murabbiylarning ishlari ko‘proq jamoaviy harakatlarga yo‘naltirilmoqda.
Islom Ahmedov: "Futbolchilarimiz tarixda qoladilar"
Eksklyuziv
17 iyun, 14:16
"Andijon" bosh murabbiyi O‘zbekiston milliy jamoasining JChdagi ishtiroki borasida fikr bildirdi.
Фото: Андижон ПФК