Turkiyaning «Fenerbahche» klubi Ispaniyaning «Malorka» jamoasi hujumchisi Vedat Murikining transferi bo‘yicha kelishuvga erishganini rasman ma’lum qildi.
Klub xabariga ko‘ra, kosovolik futbolchi bugun, 18 iyun kuni tibbiy ko‘rikdan o‘tish va transferning so‘nggi tafsilotlarini hal qilish uchun Turkiyaga yetib keladi.
«Vedat Murikini olib kelayotgan samolyot mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da Sabiha Go‘kchen aeroportining xalqaro terminaliga qo‘nadi», — deyiladi «Fenerbahche» bayonotida.
Murikining transferi bejiz katta qiziqish uyg‘otmayapti. 2025/26 yilgi La Liga mavsumida u 23 ta gol bilan chempionatning ikkinchi eng yaxshi to‘purari bo‘ldi.
Undan faqat «Real» hujumchisi Kilian Mbappe (25 gol) ko‘proq gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, Muriki «Barselona» yulduzi Lamin Yamal va «Real» vingeri Vinisius Juniorni ortda qoldirdi. Har ikki futbolchi mavsumni 16 tadan gol bilan yakunlagan.
Qizig‘i, Murikining yorqin o‘yinlariga qaramay, uning klubi «Malorka» mavsum yakunida Segunda divizionga tushib ketdi.
2025/26 yilgi La Liga to‘purarlari:
- Kilian Mbappe («Real») — 25 gol
- Vedat Muriki («Malorka») — 23 gol
- Lamin Yamal («Barselona») — 16 gol
- Vinisius Junior («Real») — 16 gol