Jahonning ikki karra chempioni Kafu futbol tarixidagi eng buyuk futbolchilar haqida fikr bildirib, o‘zining ramziy to‘rtligini ma’lum qildi.
Braziliyalik afsonaga ko‘ra, Lionel Messi, Diego Maradona, Pele va Ronaldinyo bir xil darajada buyuk futbolchilardir.
«Bular tarixda o‘chmas iz qoldirgan va jahon chempioni bo‘lgan futbolchilar. Ular maydonda hamma narsani juda oson bajarib yuborishardi. Raqibni aldash, zarba berish yoki gol urish ular uchun tabiiy holatdek ko‘rinardi», — dedi Kafu.
Sobiq himoyachi futbolni san’at deb atadi va aynan shu to‘rt futbolchini futbol san’atining eng yorqin namoyandalari sifatida ko‘rsatdi.
«Maradona — futbol san’ati. Messi — futbol san’ati. Pele — futbol san’ati. Ronaldinyo ham futbol san’ati. Ularning o‘yinini tomosha qilish zavq bag‘ishlaydi», — deya ta’kidladi u.
Kafuning fikricha, bu to‘rt futbolchini nafaqat mahorat, balki xarakter ham birlashtiradi.
«Biz Messi, Ronaldinyo, Pele yoki Maradonaning maydonda mushtlashganini ko‘rmaganmiz. Raqiblar ularni tepishardi, lekin ular o‘rnidan turib, kulib qo‘yishar va o‘ynashda davom etishardi.
Ular raqiblarni janjal bilan emas, dribling va gollar bilan jazolashardi. Futbolda aynan shu narsa bizga yoqadi», — dedi Kafu.
Shuningdek, braziliyalik afsona Yoxan Kroyff, Alfredo Di Stefano, Mishel Platini va Frans Bekkenbauer kabi buyuk futbolchilarni ham e’tirof etdi. Biroq u o‘zi ko‘rgan davr futbolchilari orasida aynan Pele, Maradona, Ronaldinyo va Messini eng yuqori pog‘onaga qo‘ydi.