Barchamiz kutib yashagan Oʻzbekiston – Kolumbiya oʻrtasidagi ilk oʻyin ham ortda qoldi.
Mundialdagi debyut oʻyinimiz va 1:3 hisobidagi magʻlubiyat bilan boshladik. Lekin futbolchilarimizni tanqid qilmaymiz, ular borlarini berib oʻynashdi va qoʻllab-quvvatlaymiz.
Oldinda yana ikkita oʻyinimiz bor. Shunchaki, bugungi uchrashuvdan keyin mutaxassislar fikrlari juda muhim.
Shu bois milliy jamoamizning sobiq futbolchisi, hozirda jismoniy tayyorgarlik boʻyicha murabbiy sifatida ishlayotgan Akmal Shorahmedovni suhbatga tortdik.
- Jahon chempionatidagi ilk oʻyinimizni oʻtkazdik. Qanday taassurot qoldi?
- Birinchi jahon chempionati uchun yaxshi oʻyin oʻtkazdik, deb oʻylayman. Menimcha, oʻrtamiyona jamoalarni kuchli raqiblarga qarshi yaxshi oʻynayotganini, kecha Kongoni Portugaliya bilan durang qayd etgani, Ispaniyani ham oʻz oʻyinida durang natija koʻrsatgani qolgan jamoalarga ham kuchlilar bilan oʻynasa boʻladi, degan ustunlik beryapti.
- Albatta, natija yoqimsiz. Ammo oʻyin kartinasini oladigan boʻlsak, sizga oʻyinda yoqqan va yoqmagan jihatlar nimada boʻldi?
- Futbolda qanaqa taktika qoʻllagandan tashqari ijrochilar ham juda muhim rol oʻynaydi. Kolumbiyadagi ijrochilar yuqori saviyada boʻlishgani uchun gol oʻtkazib qoʻydik. Raqibda yaqqol ustunlik boʻlmadi, deb oʻylayman. Ularda ham u qadar koʻp imkoniyatlar boʻlmadi.
- Magʻlubiyat uchun asosiy sabab sifatida nimani ayta olasiz?
- Asosiy sababga keladigan boʻlsak, bu futbol. Birinchi golga toʻxtalsak, ularning himoyachisi kutilmaganda Ashurmatovni oldidan chiqib gol urib ketdi. Bunday narsalarni qaytarib boʻlmaydi. Ikkinchi golda toʻpni olib qoʻyishganidan soʻng juda tez qarshi hujumga oʻtishdi. Biz yutqazayotgandik va ochilishni boshlagandik. Raqib bundan foydalandi. Lekin bu tabiiy holatda boʻladigan gollar. Lekin uchinchi golda, toʻgʻri, Oʻrozov xato qilib qoʻydi. Toʻpni olib qoʻyishga harakat qildi. Toʻpni autga chiqarib yuborish kerak edi.
- Siz uchun eng yaxshi futbolchi kim boʻldi?
- Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev, Behruz Karimov menda yaxshi taassurot qoldirdi. Qolganlar ham yaxshi. Lekin aynan shu uchalasi yaxshiroq taassurot qoldirishdi. Doston Hamdamov ham, Farrux Sayfiev ham maydonga tushib oʻyinni kuchaytirishdi.
- Uchrashuv oldidan aslida qanday oʻyin kutgandingiz?
- Durang boʻlsa yaxshi boʻlardi, deb turgandim. Yutish qiyin edi. Durang oʻynashimiz mumkin, deb oʻylagandim.
- Ikkinchi turda Portugaliya bilan oʻynaymiz. Endi qanday oʻyinni tasavvur qilyapsiz?
- Bundan oldingi intervyuda ham aytgandim, biz uchun eng qiyini Kongo bilan boʻladi. Kolumbiya, Portugaliya oʻyinchilari gavda jihatidan biroz kichikroq. Pastda himoya qilganimizda koʻp narsa yarata olishmaydi, deb oʻylayman. Lekin Kongodagi jismonan baquvvat jamoa bilan juda qiyin boʻladi. Portugaliya ham bizga qarshi katta tayyorgarlik bilan maydonga tushadi. Birinchi navbatda yaxshi tiklanib olib, keyingi oʻyinga tayyorlanish kerak. Portugaliyada ham Kolumbiya darajasidagi futbolchilar.
- Ikkinchi golga sabab boʻlgan Shomurodovning xatosi qimmatga tushdi. Bu vaziyatga nima deya olasiz?
- Shomurodovda katta xato deya olmayman. Kolumbiyaning ikki nafar futbolchisi darhol pressing qildi va toʻpni olib qoʻyishdi. Bunaka holat oʻyinda koʻp boʻlib turadi. Hujumchi uchun bu normal holat.
- Tarkib va zaxiradan tushirilgan oʻyinchilar hammasi toʻgʻri boʻldi, deb oʻylaysizmi?
- Zaxiradan tushganlar toʻgʻri boʻldi va barcha yaxshi qoʻshilishdi. Balki keyingi uchrashuvda shulardan kimdir asosiy tarkibda ham tushishi mumkin.
- Masharipovni tarkibdan chiqarilganiga nima deysiz?
- Oldin ham aytgandim, jahon chempionatida baribir 16 ta oʻyinchi ishtirok etadi. Koʻpchiligi maydonga tushmaydi. Jamoa yetakchilari, jahon chempionatiga chiqishda katta hissa qoʻshgan oʻyinchilar jamoada boʻlishga loyiq. Shuncha mehnat bosib oʻtishdi. 26 talik roʻyxatda boʻlishini juda xohlagandim.
Akmal Shorahmedov: «Durang boʻlsa yaxshi boʻlardi, yutish qiyin edi»
Eksklyuziv
18 iyun, 10:58
Sobiq futbolchi Oʻzbekiston milliy jamoasining Kolumbiyaga qarshi bahsi haqida fikr bildirdi.
Фото: Андижон ПФК
17.06.2026
FT
Jahon chempionati (JCH-2026)
O‘zbekiston
1
:
3
Kolumbiya