Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qilganidan so‘ng, jamoadoshlari, murabbiylar shtabi, muxlislar va oilasiga minnatdorlik bildirdi. U bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan videoda so‘z yuritdi.
«Milliy jamoadagi jamoadoshlarimga alohida murojaat qilmoqchiman. Har bir yugurish, quchoqlash, bahs, maydonga chiqish oldidan o‘tgan sokin daqiqalar, birgalikda nishonlagan g‘alabalar va bizni kuchliroq qilgan mag‘lubiyatlar uchun rahmat. Sizlarga sardorlik qilish men uchun sharaf edi. Ammo sardor hech qachon yolg‘iz yurmaydi — har biringiz mening tariximning bir qismiga aylandingiz», — dedi Ronaldu.
41 yoshli futbolchi shu yillar davomida u bilan birga ishlagan murabbiylar, rahbarlar, shifokorlar, fizioterapevtlar, ma’muriy xodimlar va boshqa mutaxassislarga ham tashakkur aytdi. Uning ta’kidlashicha, ko‘pchilik kamera qarshisida ko‘rinmagan bo‘lsa-da, ularning mehnatisiz erishilgan natijalar va tarixiy lahzalar bo‘lmasdi.
Ronaldu oilasiga ham alohida minnatdorlik bildirdi. U yaqinlari uzoq safarlar, qurbonliklar va milliy jamoa sababli birga o‘tkazilmagan vaqtlarni tushunib, bu orzuni u bilan baham ko‘rganini qayd etdi.
Portugaliyalik muxlislarga murojaat qilar ekan, hujumchi milliy madhiya yangragan paytdagi tuyg‘ularni hech qachon unutmasligini aytdi. Uning fikricha, bunday lahzalarda klubga muxlislik, ijtimoiy mavqe va boshqa farqlar yo‘qoladi, barchani yagona tuyg‘u — Portugaliyaga bo‘lgan muhabbat birlashtiradi.
Ma’lumot uchun, Ronaldu Portugaliya milliy jamoasidagi debyutini 2003-yil 20-avgust kuni Qozog‘istonga qarshi bahsda o‘tkazgan. U o‘sha paytda 18 yoshda edi.
Eslatib o‘tamiz, Ronaldu Portugaliya safida 234 ta bahsda maydonga tushib, 146 ta gol urgan. U milliy jamoa bilan 2016-yilgi Yevropa chempionati hamda ikki marta Millatlar ligasida g‘olib chiqqan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi