Saudiya Arabistonining «An Nasr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Portugaliya milliy jamoasidagi faoliyatini yakunlashi haqida yana bir bor fikr bildirdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan videoda milliy jamoa safidagi yo‘lini faxr bilan yakunlayotganini ta’kidladi.
«Bugun milliy jamoa libosida futbol maydonidagi yo‘lim nihoyasiga yetmoqda. Men boshimni baland ko‘targan holda, bosib o‘tgan yo‘limdan faxrlanib ketmoqdaman. Portugaliya uchun qo‘limdan kelgan barcha ishni qilganimni bilaman. Ammo hech qachon sizlardan biri bo‘lishdan to‘xtamayman. Har doimgidek, Portugaliyaning har bir g‘alabasidan quvonishda, hayajonlanishda va uni nishonlashda davom etaman.
Butun umrim davomida dunyoning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga intildim. Ammo bugun eng katta g‘alabam dunyoning eng yaxshi mamlakati sharafini himoya qilishdek sharafga muyassar bo‘lganim ekanini angladim», — dedi Ronaldu.
Hujumchi muxlislarga 23 yil davomida bildirgan ishonchi va bolalikdagi orzusini ro‘yobga chiqarish imkonini bergani uchun tashakkur aytdi. U Madeyrada yashagan kezlarida to‘p ortidan yugurib yurgan kichik bolakayning orzusi amalga oshganini ta’kidladi.
«Ushbu libosni kiyganimdan faxrlanish tuyg‘usi men bilan abadiy qoladi. Portugaliya doimo qalbimning bir qismi bo‘lib qoladi», — deya so‘zlarini yakunladi futbolchi.
Ma’lumot uchun, Ronaldu Portugaliya milliy jamoasidagi debyutini 2003-yil 20-avgust kuni Qozog‘istonga qarshi bahsda o‘tkazgan.
Eslatib o‘tamiz, 41 yoshli hujumchi Portugaliya safida 234 ta bahsda maydonga tushib, 146 ta gol urgan. U milliy jamoa bilan Yevropa chempionati va ikki bor Millatlar ligasida g‘olib chiqqan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi