«Monako» yarimhimoyachisi Aleksandr Golovin jarohati sabab Rossiya milliy jamoasining noyabr oyidagi yig‘inlarida ishtirok etmaydi. Bu haqda futbolchining agenti Aleksandr Klyuyev ma’lum qildi.
Golovin Fransiya chempionatining 10-turida «Le Mans»ga qarshi uchrashuvda jarohat olgan va ikkinchi bo‘lim boshida almashtirilgan edi.
«Sashada jarohat bor. U milliy jamoaning noyabr oyidagi yig‘inini o‘tkazib yuboradi. Boldir mushagidan jarohat olganmi? Shunga yaqin joydan deyish mumkin.
Tiklanish muddati bo‘yicha «Monako» tibbiy shtabidan ma’lumot kutyapmiz», — dedi Klyuyev «Sport-Ekspress» nashriga bergan intervyusida.
Shu tariqa, Golovin Rossiya milliy jamoasining O‘zbekiston milliy jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya 12-noyabr kuni O‘zbekiston mehmoni bo‘ladi. Shundan so‘ng jamoa Krasnodarda Venesuela milliy jamoasini qabul qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston – Rossiya uchrashuvini tojikistonlik hakam boshqarishi ma’lum qilingandi.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi