FIFA bosh kotibi Mattias Grafström dunyodagi harbiy vaziyat keskinlashgani fonida jahon chempionati xavfsizligi haqidagi savolga javob berdi.
«Bugun ertalab siz kabi men ham Eron haqidagi yangiliklarni o‘qidim. Uchrashuv o‘tkazdik va hozircha batafsil izoh berishga erta, ammo dunyodagi barcha masalalar bo‘yicha voqealar rivojini kuzatib boramiz.
Vashingtonda final bosqichiga qur'a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi, unda barcha jamoalar ishtirok etdi. Endi asosiy vazifamiz — barcha jamoalar ishtirokida jahon chempionatini xavfsiz tarzda o‘tkazish.
Har doimgidek, mezbon mamlakatlar AQSh, Kanada va Meksika hukumatlari bilan aloqani davom ettiramiz», — deya Grafströmning so‘zlarini keltiradi ESPN.
Ma'lumot o‘rnida, jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Avvalroq Meksikadagi kartellar urushi sabab mundial xavf ostida qolayotgani ma’lum qilingandi.