O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmati milliy jamoa a’zosi Abbosbek Fayzullayev bilan suhbat uyushtirdi. Mazkur intervyu davomida yarimhimoyachi mundialdagi ilk o‘yin hayajonlarini qanday yengib o‘tgani haqida gapirib berdi.
«Chigilyozdi mashg‘ulotiga chiqqanimizdagi dastlabki 10-15 daqiqa o‘zimda bo‘lmadim, to‘g‘risi. Chunki... Bu qanday his-tuyg‘ular ekanligini tasvirlab bera olmayman, lekin xuddi kinoga tushib qolgandek bo‘ldim. Keyin o‘sha 10-15 daqiqadan keyin bu narsa o‘tib ketdi.
O‘yin boshlangandan keyin esa barcha his-hayajonlar o‘chiriladi. Shu sababli undan keyin maydonda hayajon bo‘lmadi. O‘yinga tayyor edim. Chunki men ham orziqib kutgan o‘yin. O‘zimni yig‘ib olmasam, shuncha millionlab xalqimiz ko‘z tikib turibdi, stadionda dadam ham kelgan, yaxshi o‘yin ko‘rsatmasam bo‘lmasdi, bunga tayyor edim. Aytganimdek, chigilyozdi mashg‘ulotidagi dastlabki bir necha daqiqadan keyin hammasi o‘tib ketdi», - dedi Abbosbek Fayzullayev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi 23 iyun kuni 2-tur doirasida Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi.