«Manchester Yunayted»ning sobiq yarimhimoyachisi Ander Errera Joze Mourinio «Manchester Siti»ning qimmatbaho transferlariga bir necha yil avval e’tibor qaratganini aytdi. Bu holat «shaharliklar» Angliya Premyer-ligasining moliyaviy qoidalarini buzganini tan olishidan ancha oldin yuz bergan.
«Mourinio qaysidir ma’noda «Simpsonlar» multserialiga o‘xshaydi: u aytgan narsalarning barchasi kelajakda amalga oshadi. U bizga «Manchester Siti»ning birdaniga to‘rt nafar himoyachini sotib olishi, keyin esa Kevin De Bryuyne, Ilkay Gyundog'an yoki boshqa futbolchini jamoaga olib kelishi normal holat emasligini aytardi.
Agar futbolchilardan biri klubga kelganidan olti oy o‘tib o‘zini ko‘rsata olmasa, uning o‘rniga boshqasini sotib olishadi. Mourinyo bundan jahli chiqardi va u haq edi», — dedi Errera Rio Ferdinand Presents YouTube kanaliga bergan intervyusida.
Ma’lumot uchun, Mourinio «Manchester Yunayted»ni 2016–2018-yillarda boshqargan. Errera esa ushbu davrda portugaliyalik murabbiy qo‘l ostida to‘p surgan.
Eslatib o‘tamiz, «Manchester Siti» Angliya Premyer-ligasining moliyaviy qoidalarini buzish bilan bog‘liq ish bo‘yicha uzoq davom etgan jarayonga duch kelgan.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi