O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish hamda istiqbolli loyihalarni muhokama qilish maqsadida Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Bugun Milliy futbol markazida O‘FA prezidenti Bahodir Qurbonov, sport vaziri Adham Ikramov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov hamda OFK delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tashkilot o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot davomida so‘nggi yillarda O‘FA va OFK o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining futbolni rivojlantirishga qaratilgan qarorlari va tashabbuslari mamlakatda ushbu sport turini ommalashtirish hamda infratuzilmani yaxshilashga katta turtki berayotgani qayd etildi.
Shuningdek, futbol O‘zbekistonda davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani, milliy jamoaning Jahon chempionatida ishtirok etishi xalqimiz uchun katta bayram bo‘lgani alohida ta’kidlandi.
OFK prezidenti Shayx Salmon bin Ibrohim al-Xalifa O‘zbekiston konfederatsiyaning eng yaqin hamkorlaridan biri ekanini e’tirof etdi. U mamlakatimiz yoshlar va ayollar o‘rtasidagi qit’a musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etganini qayd etib, kelasi yili O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkaziladigan FIFA U-20 Jahon chempionati ham muvaffaqiyatli tashkil etilishiga ishonch bildirdi.