«Aston Villa» bosh murabbiyi Unay Emeri «Sanderlend»ga qarshi bahs oldidan jamoaning holati haqida gapirdi.
«Hozir mavsumning eng muhim pallasidamiz. Biz ikki musobaqada — APL va Yevropa ligasida ishtirok etyapmiz. Biz motivatsiyamiz yuqori, hayajondamiz. Oldimizda katta chaqiriq bor — shu darajani saqlab qolish», — dedi Emeri BBC nashriga.
Mutaxassis «Sanderlend»ni ushbu mavsumda «ajoyib o‘ynayotgan» jamoalardan biri sifatida baholadi, biroq o‘z shogirdlari o‘yin oldidan «ishonchli va xotirjam» holatda ekanini qayd etdi.
Shuningdek, Emeri standart vaziyatlar bo‘yicha murabbiy Ostin Makfining roliga to‘xtaldi.
«Ostin juda ijodkor. Biz standart vaziyatlardan ustunlik olishga harakat qilamiz, ammo boshqa jamoalar ham xuddi shunday yo‘l tutmoqda», — dedi u.
Ma’lumot uchun, «Aston Villa» ayni paytda 55 ochko bilan APLda 4-o‘rinda bormoqda. «Sanderlend» esa 46 ochko bilan 11-pog‘onani egallab turibdi.