“Dinamo” PFK Qarshining “Nasaf” jamoasi matbuot xizmati xodimi, klub rasmiysi Sarvar Bobonazarovning ijtimoiy tarmoqlar orqali raqib jamoa va butun viloyat shaʼniga bildirgan haqoratli fikrlari bo‘yicha “Nasaf” PFKdan rasmiy tushuntirish so‘radi.
“Superliga 15-turi doirasidagi “Dinamo” va “Nasaf” (2:2) o‘rtasidagi uchrashuvdan so‘ng Qarshi klubi matbuot xizmati vakili Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) “X” (twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida (3672 obunachiga ega) Samarqanddagi o‘yinda VAR texnikasi Jizzaxdan yetib kelmagani sababli mezbon klub sifatida Samarqand jamoasini haqorat qilgan. Ayniqsa, uning samarqandliklarni tahqirlovchi haqorati turli ijtimoiy tarmoqlar, guruhlarda keskin muhokamaga sabab bo‘lmoqda.

“Nasaf” PFK matbuot xizmati vakili, Qarshidagi “Markaziy” stadion so‘zlovchisi sanalgan Sarvar O‘ktamzoda (Bobonazarov) tomonidan muxlislar o‘rtasida adovatni qo‘zg‘ovchi, keskinlikka sabab bo‘layotgan bildirgan fikrlar bo‘yicha “Dinamo” PFK “Nasaf” klubidan rasmiy tushuntirish so‘raydi. Klub bu borada qat’iy chora ko‘rishni talab qiladi.
Shuningdek, “Nasaf” matbuot xizmati vakili Sarvar O‘ktamzoda bo‘yicha tegishli idoralarga murojaat qilish yuzasidan ish olib borilayotganini ma’lum qiladi. Bunday harakatlar klublar o‘rtasidagi munosabat sovuqlashishiga, muxlislar o‘rtasida yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik shart”, — deb yozadi samarqandliklar matbuot xizmati.
Ma’lumot uchun, Sarvar O‘ktamzoda nafaqat “Dinamo”, balki “Andijon” klubi muxlislarini ham haqorat qilgan.

“Nasaf” rasmiysi bo‘layotgan ishlardan so‘ng X ijtimoiy tarmog‘idagi postlarini o‘chirib tashladi.