«PSJ» 3-turda «Monako»ga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Usman Dembele bahsni zaxira o‘rindig‘ida boshladi va 68-daqiqada maydonga tushdi, ammo jamoasining mag‘lubiyatini o‘zgartira olmadi.
L’Équipe xabariga ko‘ra, Dembele avvalgi yig‘inda dam olgani sababli «Monako»ga qarshi asosiy tarkibda maydonga tushishini kutgandi. Shu bois Luis Enrikening qarori futbolchini hayratda qoldirgan.
Biroq manbaga ko‘ra, futbolchi va murabbiy o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi va ular o‘rtasida hech qanday ziddiyat mavjud emas. Enrike esa qarorini futbolchining mavsum boshidagi yuqori yuklamasi bilan izohladi.
«Usman UEFA Superkubogi va Fransiya chempionlari kubogida katta kuch sarfladi. Shundan so‘ng biroz dam oldi. «Monako»ga qarshi u 20–25 daqiqa juda yaxshi saviyada o‘ynadi. Endi uning o‘yin vaqtini asta-sekin oshiramiz va keyingi bahslarda ham shunday davom etamiz», — dedi Enrike.
Eslatib o‘tamiz, «PSJ» 10-sentyabr kuni Chempionlar ligasida «Slovan Bratislava»ga qarshi bahs olib boradi. Dembele ushbu bahsda asosiy tarkibga qaytishi kutilmoqda.