La Liganing 10-turida «Real» safarda «Rasing»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Gollardan biriga Jud Bellingham mualliflik qildi.
E’tiborlisi, angliyalik yarim himoyachi ushbu goli orqali madridliklarning sobiq futbolchisi Zinedin Zidandan o‘zib ketdi. Fransiyalik futbolchi «Real» safida 49 ta gol urgan bo‘lsa, Bellingham hisobida endi 50 ta gol bor.
Avvalroq madridliklar Bellingham bilan shartnomani uzaytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Klub uni jamoaning eng ko‘p maosh oladigan ikkinchi futbolchisiga aylantirishga tayyor. Bu borada undan faqat Kilian Mbappe yuqorida bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, «qirollik klubi» 2023-yilda Bellinghamni Dortmundning «Borussiya» klubidan 127 million yevro evaziga sotib olgan. U bu mavsum barcha musobaqalar doirasida 14 ta uchrashuvda maydonga tushib, 4 ta gol va 3 ta assist muallifiga aylandi.