Superliganing 22-turida «Buxoro» Toshkentda «Bunyodkor»ga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Natijada buxoroliklar omadsiz o‘yinlarini yana davom ettirdi. Uchrashuv yakunlangach, jamoa bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Avvalo, «Bunyodkor» jamoasini tabriklayman. So‘nggi o‘yinlarda, murabbiy kelganidan keyin har bir uchrashuvda jamoa tobora yaxshiroq o‘ynab borayotgani ko‘rinib turibdi. His-tuyg‘ular bor, yosh futbolchilar harakat qilishyapti, bor kuchini berib o‘ynashyapti, futbol o‘ynashni xohlashyapti va bu o‘z natijasini beryapti.
Biz haqimizda esa nima deyish mumkin? Agar siz hech narsa yutib olmagan bo‘lsangiz, biz siznikiga borib, yordam beramiz, degandek bo‘ldi. Birinchi taymdagi o‘yinimiz juda yomon bo‘ldi. Umuman tushunarsiz futbol namoyish etdik. 45-daqiqada ham juda bemanilik bilan gol o‘tkazib yubordik. Bizda qandaydir an’anaga aylanib qoldi: har o‘yinda dastlabki 10 daqiqada albatta gol o‘tkazib yuboramiz. Odatda bu gollarni o‘zimiz urgan bo‘lardik, bugun esa raqibimiz urdi. Shuning uchun «Bunyodkor» futbolchilariga ofarin. Yigitlar harakat qilishdi va menimcha, bizni munosib ravishda mag‘lub etishdi.
- Aleksandr Andreyevich, darvozabonning harakatlari bo‘yicha savolim bor edi. Birinchi vaziyatda u oldinga chiqdimi, chiqmadi-mi, orqaga chekindi — ochig‘i, tushunmadim. Ikkinchi golda esa rikoshet bo‘lganini tushunaman. Lekin to‘p yerdan ko‘tarilayotganida darvozabon biroz oldinroq harakat qilsa, to‘pni egallashi mumkin edi.
- Ko‘rinib turibdiki, darvozabon ancha vaqtdan beri o‘ynamagan, o‘yin amaliyoti yetishmagan. Epizodlarda uning hayajonlangani ham sezildi. Shuning uchun, ha, u yaxshiroq o‘ynashi mumkin edi. Lekin hozir uni ayblashdan ma’no yo‘q. Butun jamoa juda yomon o‘ynadi. Yana bir bor aytaman, ayniqsa birinchi taymda. Sabablari tushunarli. Buni mutaxassis bo‘lgan har bir inson ko‘rib turibdi. Raqiblar ham bizning jamoaga qarshi tayyorgarlik ko‘rayotganda, muammolarimiz nimada ekanini ko‘rishyapti. Shu sababli bu haqda ortiqcha gapirishning hojati yo‘q. Biz o‘zimizni futbolchilar sifatida qandaydir darajaga yetdik, futbol o‘ynay olamiz, deb his qila boshladik. Muammo ham shunda.
Biz kurashishni to‘xtatdik. Yakkama-yakka kurashlarda g‘alaba qozonishni to‘xtatdik. Bugungi o‘yinda ham, ayniqsa birinchi taymda, ikkinchi to‘plarning deyarli barchasida mag‘lub bo‘ldik. «Podbor»larning barchasini raqibga berdik. Hammamiz to‘p bilan o‘ynashni xohlaymiz. Lekin eng katta muammo, albatta, psixologik holat bilan bog‘liq. Biz endi qanday o‘yin bo‘lmasin, 10-daqiqada gol o‘tkazib yuboryapmiz. Hozircha bu muammoni hal qila olmayapman. Balki qandaydir choralar, hatto sanksiyalar joriy qilish kerakdir, bilmayman.
Bizda birinchi 10 daqiqa yo‘q. Har doim raqibga for berib qo‘yamiz. Yana bir bor aytaman: 45-daqiqada ham mutlaqo bemanilik bilan gol o‘tkazdik. O‘yindan kelib chiqib qaraganda, biz «podbor»larda yuta olmayotganimizni ko‘rib turib, 45-daqiqada shunday uzun uzatmani berishdan nima ma’no bor edi? O‘zimiz o‘zimizga «kiyinish xonasiga» gol urib qo‘ydik.
- Demak, sababi tushunarli. Shu holatda tanaffusga chiqish jamoaga yordam beradi, deb o‘ylaysizmi?
- Ha, menimcha, bu tanaffus bizga juda katta yordam beradi. Chunki jamoani qayta shakllantirishimiz kerak. Ochig‘ini aytsam, jamoada ayrim muammolar bor. Ular yosh yigitlar. Biz ularni oldindan ogohlantirgandik: agar kurashda raqibga o‘yin ritmini his qilishga va o‘zlarida nimadir chiqayotganini sezishga imkon bersak, ular shu tarzda o‘ynayverishadi. Afsuski, bugun biz o‘zimiz ularga shunday o‘ynashga imkon berdik. Butun kurashda mag‘lub bo‘ldik. Muammo shundaki, markaziy tayanch yarim himoyachilarimiz yo‘q. Jamoaga energiya, uchqun bergan, jamoaning natija olishiga yordam bergan futbolchilar hozir safda emas.
Qarang, biz har bir o‘yinda gol o‘tkazyapmiz. Bizdagi himoyaviy intizom nimaning hisobiga qurilgan edi? Tayanch yarim himoyachilarimiz juda katta ish bajarardi. Ulardan biri terma jamoada, yana biri jarohat olgan. Muammo shunda. Biz butun o‘yinimizni himoyadan quryapmiz. Ammo hozir gol o‘tkazib yuborsak, ochilib ketyapmiz. Bugun qanday o‘ynaganimizga qarang — juda yomon. Bunday o‘ynab bo‘lmaydi. Yana bir bor aytaman, bu masalani endi o‘zim jiddiy tahlil qilishim kerak. Tanaffus ham juda o‘rinli keldi.
- Tanaffus paytida jarohat olgan futbolchilarning ayrimlari safga qaytar. Shu imkoniyatdan foydalanib jamoani qayta shakllantirishga harakat qilasizmi?
- Ha, albatta. Hozir sodir bo‘layotgan holat — muammo. Tanaffusdan unumli foydalanib, jamoani qayta yig‘ishga, tarkibni tiklashga harakat qilamiz. Ko‘plab futbolchilarimiz jarohatlangan. Shuning uchun kimlar safga qaytishini ham kutishimiz kerak.
- Bugun o‘yin boshida zaxiradan maydonga 17 yoshli futbolchi — Rajabov tushdi. U yaxshi ko‘rindi. Menimcha, uning o‘yini sizga ham yoqdi. Futbolchining harakatlari haqida nima deya olasiz?
- Ha, menga ham uning o‘yini yoqdi. Bizning tajribali futbolchilarimizdan farqli ravishda, u o‘ynashga harakat qildi. Yakkama-yakka kurashlarda ham g‘alaba qozondi, hech bo‘lmasa to‘pni oldinga harakatlantirishga urindi. Biz esa shunchaki to‘pni harakatlantirishni to‘xtatdik. Muammo shunda. 45-daqiqagacha nima uchun uzun uzatmalar bilan o‘ynadik? Nima uchun to‘pni himoyachilar orqali oddiyroq o‘ynatmadik? Shuni tushunmayapman.
Bitta vaziyat yaratdik, xolos. Markaziy qismida to‘pni uzoqqa tepib, keyin uni yo‘qotishdan nima ma’no bor? Biz to‘pdan yashirinyapmiz. To‘pni harakatlantirmayapmiz. Himoyada esa asosiysi — biz avval to‘g‘ri himoyalanardik. Ilgari to‘pni nazorat qilardik, deb aytmayman, lekin himoyada intizomli o‘ynardik. Doimo himoyadan kelib chiqardik.
Yana bir bor aytaman: tayanch yarim himoyachilar beradigan energiya, o‘sha «uchqun» hozir yo‘q. Qolaversa, rozi bo‘lasiz, darvozabon ham bizni ko‘p marta qutqargan. Ayrim vaziyatlarda omadimiz ham kelgan. Hozir esa omad ham kelmayapti. Eng yomoni, o‘zimiz o‘zimizga gol uryapmiz. Ikki o‘yinda o‘zimiz o‘zimizga gol urdik. Hozir eng avvalo shu masalani tahlil qilishim kerak. Bu, birinchi navbatda, psixologik holat bilan bog‘liq.
Biz razminka qilamiz, maydonga chiqamiz, ammo birinchi 10 daqiqa yo‘q. Darhol raqibga for berib qo‘yamiz, keyin esa o‘ynashni boshlaymiz. Bunday o‘ynab bo‘lmaydi.
- Tanaffusdan keyin uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynash varianti ko‘rib chiqilyaptimi? Shu orqali himoyani yanada zichlashtirish mumkinmi?
- Nima uchun emas? Biz avval ham shunday boshlagan edik. Tanaffusdan keyin ham shu variantni ko‘rib chiqishimiz mumkin. Ochig‘ini aytishni yaxshi ko‘raman. Jahon chempionatidan keyin Esanov jamoamizni tark etishi mumkin, deb o‘ylagandim. Shuning uchun bunday ehtimolni hisobga olib, besh kishilik himoya tizimiga qayta qurilayotgan edik.
- Esanovning ketishi murakkab masala edi, demoqchimisiz?
- Ha. Chunki jahon chempionati bor edi va u ketishi mumkin edi. Men murabbiy sifatida bunday ehtimolni oldindan hisobga olishim kerak. Shu bois tarkibda bunday futbolchi bo‘lmay qolishini hisobga olib, besh kishilik himoya tizimiga o‘tib ko‘rdik. Agar adashmasam, dastlabki ikki-uchta o‘yinni ham shu tizimda o‘tkazdik. Sherzod jahon chempionatidan qaytganidan keyin ham asosiy tarkibda maydonga tushmadi.
Milliy jamoa futbolchisi bo‘lgan va jamoaga yordam bera oladigan futbolchini zaxirada ushlab turish ham mantiqsiz. Shuning uchun yana to‘rt kishilik himoyaga qaytdik. Besh kishilik himoyaga o‘tish bizga juda katta yordam beradi, deb o‘ylamayman. Garchi biz besh kishilik himoyada ham o‘ynay olamiz. O‘yin davomida besh kishilik tizimga qayta olish imkoniyatimiz ham bor. Yo‘q, muammo maydon markazida», - deya Xomyakovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.