Superliganing 22-turida «Paxtakor» safarda musobaqaning yaqqol autsayderi - «Mashʼal» mehmoni boʻldi va 1:2 hisobida gʻalaba qozondi. Uchrashuvning katta qismini mehmonlar bir futbolchi kam oʻtkazishga majbur boʻldilar. Chunki jamoa himoyachisi 10-daqiqadayoq maydondan chetlatildi. Oʻyindan keyin toshkentliklar bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida qatnashdi.
- Qiyin boʻlishini bilardik. Muhimi, gʻalaba qozondik. Birinchi boʻlimda oʻyinga biroz sustkashlik bilan chiqdik. Qizil kartochka rejamizni buzib qoʻydi. Birinchi boʻlimdan keyin futbolchilarga tushuntirdik va ikkinchi boʻlimda iroda koʻrsatib, gʻalaba qozondik. Futbolchilarimiz oxirigacha kurashishdi. Oʻyin uchun, kurashgani uchun rahmat. Bu gʻalaba biz uchun muhim edi. Har oʻyindagi gʻalaba muhim.
- Bugun qaysi jamoa koʻproq xatoga yoʻl qoʻydi: «Mashʼal»mi, «Paxtakor»mi yoki hakamlar mi?
- Bunday olib qarasak qoʻpol xatolar koʻrinmadi, biz tomondan ham, «Mashʼal» tomondan ham. Uchrashuvda unchalik koʻp imkoniyat boʻlmadi. Ammo yuzaga kelgan imkoniyatlardan foydalandik.
- Uchrashuv sizga yoqdimi?
- Yoqdi, deb boʻlmaydi. Ammo shunaqa oʻyin boʻlishini bilardik. Osiyo Chempionlar ligasida qiyin oʻyin oʻtkazib keldik. Yoʻl bosib keldik va oʻyingacha bizda ikki kun bor edi. Tiklanish kerak edi. Shu bois qiyin boʻlishini sezib turgandik. Oʻyin yoqdi demaymanu, ammo yigitlar oxirigacha kurashyapti.
- Qizil kartochka oʻyinni qanchalik oʻzgartirib yubordi va nimalarga taʼsir qildi?
- Aytim-ku, shu qizil kartochka barcha rejalarimizni buzdi. Boshida qizil kartochka olishimizni hech kim oʻylamagandi. Oʻz oldimizga qoʻygan rejalarimiz bor edi, chetlatishdan keyin ularni toʻliq bajara olmadik, qattiq taʼsir qildi.
- Oʻz xatoingiz nimada boʻldi?
- Hamma futbolchilar oʻz darajasida oʻynashdi va oxirigacha kurashib yutdik. 10 kishi bilan oʻynab gʻalaba qozonish qiyin.
- «Mashʼal» hozirga qadar faqat 4 ochko toʻplagan va eng yosh tarkibni oʻynatyapti. «Paxtakor» esa ikkinchi oʻrinda. Shunday ekan, juda kichik hisobda gʻalaba qozonmadinglarmi? Futbolchilar oʻyinni «tashlab» yuborishmadimi?
- Oʻyinni «tashlab» qoʻyishmadi. Taqvimimiz ham tigʻiz, qiyin uchrashuv oʻtkazdik. Yoʻl ham koʻp kuch olib qoʻydi. «Al Ahli»dan keyin futbolchilarga boʻlajak uchrashuvga tayyorgarlik koʻrishimizni uqtira boshladim. Baribir boshidan biroz moslashish, «nastroy»... Baribir boshidagi qizil kartochka yigitlarni «uygʻotdi». Iroda koʻrsatib gʻalaba qozondik. «Mashʼal» yosh boʻlsa ham oʻzining oʻyin uslubi bor. Kelib yutib ketamiz, deb yengil qaramadik. Yigitlarga tushuntirdik. Yosh futbolchilar boʻlsa ham «Paxtakor»ga qarshi oʻyinga ular 200 foiz kuchini beradi, oʻzini koʻrsatgisi keladi. 4 ochkosi boʻlsa ham «Mashʼal» yaxshi va kurashuvchan jamoa. Keyingi oʻyinlarda omad tilayman.
- Bir necha yillar «Nasaf»da porlagan Oybek Bozorov hozir «Paxtakor» zaxirasida oʻtiribdi. Bu jismoniy holati bilan bogʻliqmi yoki jamoani oʻyin uslubiga moslashishi qiyin boʻlyaptimi?
- Oybekni jarohati bor edi. «Al Ahli» bilan uchrashuvga ham bormadi. Bu yerga kelishdan oldin biz bilan ikkita mashgʻulotda qatnashdi. Hali tayyor emas. Bu oʻyinda maydonga tushirib, jarohati yana qaytalanib qolishini istamadik.
- «Paxtakor» ishtirokidagi oʻyinlar Iroqda translatsiya qilinyapti. Maʼlumotlarga koʻra, ushbu translatsiyadan keyin «Paxtakor» futbolchilariga qiziqish ortayotgani haqida gap-soʻzlar bor...
- Translatsiya qilishdan oldin bir qator futbolchilarimiz u yerga borishgan, hatto toʻpurar ham boʻldi. Yaxshi oʻyin koʻrsatishyapti, ularda ham qiziqish bor. Iroqning uch nafar terma jamoa oʻyinchilari bizda oʻynashyapti. Hozircha u yerdan oʻyinchilarimizga qiziqishlar borligini eshitmadim», - deya Tojiyevning soʻzlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.
Kamoliddin Tojiyev: «Oʻyin boshidagi qizil kartochka barcha rejalarimizni buzib yubordi»
Eksklyuziv
19 sentabr, 14:58
«Paxtakor» bosh murabbiyi «Mashʼal»ga qarshi bahsdan soʻng oʻz fikrlarini bildirdi.
Фото: Пахтакор ПФК
19.09.2026
FT
O‘zbekiston Superligasi
Mashal
1
:
2
Paxtakor Toshkent