«Yuventus» hujumchisi Jonatan Devid yozgi transfer oynasida jamoani tark etishi mumkin. Bu haqda Corriere dello Sport nashri xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Turin klubi 26 yoshli futbolchini sotish variantini ko‘rib chiqmoqda va uning transferidan taxminan 40 million yevro ishlab olishni rejalashtirgan.
Biroq hozircha «Yuventus»ga Jonatan Devid bo‘yicha aniq takliflar kelib tushmagan.
Kanadalik futbolchi 2025 yilda erkin agent sifatida «Lill»dan Turin klubiga ko‘chib o‘tgan edi. Uning «Yuventus» bilan amaldagi shartnomasi 2030 yilning 30 iyuniga qadar amal qiladi.
Devid 2025/26 yilgi mavsumda barcha turnirlarda 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Transfermarkt portali hujumchining bozor qiymatini 30 million yevroga baholamoqda. Shunga qaramay, «Yuventus» futbolchini qimmatroq narxda sotish orqali transfer bozorida foyda ko‘rishni maqsad qilgan.