UEFA Klublar moliyaviy nazorat organi moliyaviy feyr-pley (FFP) qoidalariga rioya etilishi yuzasidan navbatdagi hisobotini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Italiyaning «Roma» va Fransiyaning «Marsel» klublari moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erisha olmagani sababli jarimaga tortildi.
«Roma» 2025/26 yilgi mavsum uchun belgilangan oraliq moliyaviy talablarni bajara olmadi. Natijada rimliklar 2 million yevro miqdorida jarimaga tortildi. Bundan tashqari, jamoaning futbolchilar tarkibiga sarflagan xarajatlari daromadining 70 foizidan oshib ketgani uchun yana 4 million yevro jarima belgilandi.
Shu tariqa, «Roma» UEFAga jami 6 million yevro to‘laydi.
«Marsel»ga nisbatan esa yanada qattiqroq choralar qo‘llanildi. Fransuz klubi talab etilgan rentabellik darajasiga erisha olmadi va 6 million yevro jarimaga tortildi.
Bundan tashqari, klubning futbolchilar uchun xarajatlari ham ruxsat etilgan 70 foizlik chegaradan oshib ketgani sababli qo‘shimcha 4 million yevro jarima qo‘llandi.
Shuningdek, UEFA «Marsel»ga shartli sport sanksiyalarini ham belgiladi. Agar klub 2026/27 yilgi mavsumda moliyaviy ko‘rsatkichlarni yaxshilay olmasa, keyingi uch mavsum ichida yo‘llanma qo‘lga kiritgan ilk yevrokubok musobaqasidan chetlashtirilishi mumkin.
Bundan tashqari, «Marsel»ning 2026/27 yilgi yevrokuboklar uchun yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatlari ham cheklanadi.
Ayni paytda «Milan», «Inter», «PSJ», «Monako», «Beshiktosh», «Antverpen» va «Trabzonspor» UEFA bilan tuzilgan moliyaviy kelishuvlar talablarini to‘liq bajargan va endilikda nazorat dasturidan chiqarilgan.