Ertaga «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston hamda Rossiya milliy jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvidan oldin bugun matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda Rossiya milliy jamoasi ustozi Valeriy Karpin va futbolchi Konstantin Tyukavin qatnashishdi.
- Bugungi o‘yin oldidan kutilmalaringiz qanday?
Valeriy Karpin: - Xayrli kech. Kutilmalar har doimgidek — milliy jamoaning har bir o‘yinidan umidimiz katta. Jamoa sifatida shakllanganimizni, mashg‘ulotlarda ustida ishlayotgan jihatlarimiz maydonda ham ko‘rinishini va o‘yinda o‘z aksini topishini istaymiz.
Konstantin Tyukavin: - Bizning kutilmalarimiz hamisha bir xil: maydonga chiqib, o‘z vazifamizni bajarish, mashg‘ulotlarda o‘rganayotganlarimizni va murabbiylar shtabi bizga o‘rgatayotgan jihatlarni ko‘rsatish. Eng muhimi, yaxshi futbol namoyish etish.
- Ertangi o‘yinda O‘zbekiston safida Husanovning o‘ynay olmasligini eshitgach, xafa bo‘ldingizmi?
Tyukavin: - Yo‘q, xafa bo‘ldim deb aytolmayman. Lekin, albatta, shunday kuchli himoyachiga qarshi o‘ynashni, o‘z imkoniyatlarimni va uning salohiyatini sinab ko‘rishni istagandim. Ammo tushunishimcha, u ertangi o‘yinda ishtirok etmaydi, shundaymi? Afsus.
- Siz O‘zbekiston milliy jamoasini Sloveniya jamoasidan kuchsizroq deb hisoblaysizmi? Agar shunday bo‘lsa, 2022-yilda bizning jamoamiz bilan o‘ynashdan oldin O‘zbekiston hali hech qayerda ishtirok etmagan, keyin esa jahon chempionati saralashi va mundialdagi debyutga erishdi. Shunday o‘zgarishlardan keyin ham nega bunday fikrdasiz? Axir Sloveniya o‘sha paytda Yevropa chempionati pley-offida durang o‘ynagan edi... O‘zbekiston haqidagi fikringiz hali ham shundaymi?
Karpin: - Ehtimol, biz ularni anchadan beri ko‘rmaganmiz. Men ularning hozirgi o‘yinlarini kuzatmadim, shuning uchun Sloveniya bilan taqqoslay olmayman. O‘shanda, 2021-yilda Slovakiya va Sloveniya bilan o‘ynagan edik. Hozir esa ular bilan anchadan beri to‘qnash kelmadik. Shu bois ayni paytda qaysi holatda ekanliklarini bilmayman. Ammo menimcha, O‘zbekiston 2022-yilga nisbatan ancha kuchaygan. Ehtimol, hozir ular o‘sha paytdagidan ham kuchliroqdir.
- O‘zbekistonga xush kelibsiz! Savolim hazilomuz. Videoda sizga ayol kishi taktik sxemani chizib berganini ko‘rdik. Ertangi o‘yinda ham futbolchilarni aynan shu taktika asosida maydonga tushirasizmi?
Yana bir iltimosim bor edi. Hozir sizga do‘ppi sovg‘a qildim. Agar imkoni bo‘lsa, shu do‘ppini kiyib ko‘rsangiz.
Karpin: - Demak, rolikdagi taktika haqida gap ketyaptimi? Do‘ppini albatta kiyib ko‘rishim mumkin. Taktikani ham qo‘llaymiz. Ayni paytda bizga yetishmayotgan taktikani nazarda tutyapsiz, shekilli... Keyin esa... Anton Miranchuk yo‘q. Qolganiga kelsak, taktikani qo‘llaymiz. Keyin javobini ko‘rasiz.
- Valeriy Georgiyevich, siz Eldor Shomurodov bilan Rossiyada birga ishlagansiz. Keyin u Italiyada muayyan qiyinchiliklarga duch keldi. O‘tgan mavsumda esa u yerda raqobat kuchli bo‘lishiga qaramay, yaxshi natijalar ko‘rsatdi. Savolim shunday: sizningcha, bu uning eng yuqori darajasimi yoki u bundan ham ko‘prog‘iga qodirmi? U bilan aloqada bo‘lib turasizmi? Fikringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
Karpin: - Uning hozirgi darajasi eng yuqorisimi yoki yo‘qmi, bu borada aniq fikr bildirishim qiyin. Men ham uni sizlar kabi tashqaridan kuzatyapman. Buni baholash uchun u bilan ko‘proq vaqt birga o‘tkazishimiz, hech bo‘lmaganda mashg‘ulotlarda birga ishlashimiz kerak. U hozir ko‘rsatayotgan o‘yiniga kelsak, o‘z salohiyatini namoyon qildi. Buni u «Rostov»dayoq ko‘rsatgan edi. Shu bilan birga, Italiyada ham yaxshi futbol maktabini o‘tdi. Shuning uchun hozir namoyish etayotgan o‘yini, birinchi navbatda, yuqori saviyadan dalolat beradi. Eng muhimi, u shu darajani kamida saqlab qolishi kerak.
- O‘zbekiston milliy jamoasining qaysi kuchli jihatlarini alohida ta’kidlagan bo‘lardingiz? Ulardan qanday foydalanishni rejalashtiryapsiz?
Karpin: - Bu jihatlardan qanday foydalanishimizni ertaga o‘yinda ko‘ramiz. Menimcha, 2022-yilga nisbatan eng katta farq — bugungi O‘zbekiston milliy jamoasi ancha intizomli jamoaga aylangan. Buni shunday ta’riflagan bo‘lardim.
- Kannavarodan ham siz haqingizda so‘rashgan ekan. U ismingizni aytmadi, ammo juda yaxshi futbolchi bo‘lganingizni va hozir ham yaxshi murabbiy bo‘lishingizga umid qilishini bildirdi. Uning sizni ism-familiyangiz bilan eslay olmagani sizga qandaydir ta’sir qildimi?
Karpin: - Eslay olmagan bo‘lsa, eslay olmabdi. Hechqisi yo‘q.
Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda
Izohlar Telegram’da ochiladi