Fransiya poytaxti Parijda «Oltin to'p-2025» marosimi bo'lib o'tdi.
Asosiy sovrin — mavsumning eng yaxshi futbolchisiga atalgan «Oltin to'p»ni «PSJ» hujumchisi Usmon Dembele qo'lga kiritdi.
Fransiyalik 28 yoshli futbolchi o'tgan mavsumda parijliklar bilan Chempionlar Ligasi, Liga 1, mamlakat kubogi va superkubokda zafar quchdi. Shuningdek, YCHL va Liga 1da eng yaxshi o'yinchiga aylandi, Fransiya chempionatida eng yaxshi to'purar ham bo'ldi.
Dembele sovrin uchun kurashda Lamin Yamaldan o'zib ketdi.
Top-10 quyidagicha:
1. Usmon Dembele («PSJ»)
2. Lamin Yamal («Barselona»)
3. Vitinya («PSJ»)
4. Muhammad Saloh («Liverpul»)
5. Rafinya («Barselona»)
6. Ashraf Hakimi («PSJ»)
7. Kilian Mbappe («Real»)
8. Koul Palmer («Chelsi»)
9. Janluiji Donnarumma («PSJ»/ «Manchester Siti»)
10. Nunu Mendesh («PSJ»)
Ayollar o'rtasida esa «Oltin to'p» «Barselona» yarimhimoyachisi Aytana Bonmatiga nasib etdi. 27 yoshli ispan qatorasiga uchinchi bor tengsiz futbolchiga aylandi.

Eslatib o'tamiz, tadbirda mavsumning eng yaxshi yosh o'yinchisi, eng yaxshi murabbiyi, eng yaxshi darvozaboni, eng yaxshi hujumchisi va eng yaxshi klubi ham aniqlandi.