O‘zbekistonning amaldagi chempioni va bu yil Superligada yakka peshqadam bo‘lib kelayotgan «Neftchi» Kubok bahslarida ham dadil odimlayapti.
Kubokning 1\8 final bosqichida Farg‘onada «Neftchi» asosiy raqobatchisi - «Paxtakor»ni qabul qildi. Final oldidan final deb nom olgan ushbu katta to‘qnashuvda maydon egalari 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va chorak finalga yo‘l oldi. O‘zbekiston Kubogining amaldagi g‘olibi esa ishtirokini yakunladi.
O‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev birinchi bo‘limdan keyin almashtirildi. Qolaversa, u o‘zi uchun boshqa pozisiyada o‘ynagani ham e’tiborimizni tortdi. Tribuna.uz jurnalisti esa Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdi.
- Ibrohimxalil «Paxtakor» ustidan erishilgan g‘alabadan keyingi taassurotlar qanday?
- Gʻalabadan taassurotlar zo‘r. Bizga ortga yo‘l yo‘q edi. Hamma futbolchilarda motivatsiya kuchli edi, faqat g‘alaba qozonishimiz talab etilayotgandi. Chunki o‘tgan safar xuddi shu uyimizda «Paxtakor»ga yutqazgandik. O‘tgan yili esa 0:4 hisobida mag‘lub bo‘lganimiz ham bizga boshqacha ta’sir qilgandi. Bu safar uyimizda yana yutqazmaslik uchun ikki barobar ko‘proq kuch bilan harakat qildik. Shu narsalar ichimizda bor edi. Yana yutqazsak endi xaddan ortiq bo‘lardi. Shunga yarasha qo‘shimcha kuch, kuchli motivatsiya bilan o‘ynadik. O‘yin zo‘r bo‘ldi. Muxlislarimizga ham rahmat.
- «Paxtakor»ga qarshi boshqacharoq pozisiyada o‘ynaganingiz sizga noqulaylik tug‘dirmadimi?
- To‘g‘ri, meni boshqa pozisiyaga qo‘ydi. Baribir menga ozgina qiyinchilik tug‘dirdi deb, ayta olaman. Lekin to‘g‘risini aytsam, bu uchrashuvda pozisiya yoki taktika muhim ahamiyatga ega bo‘lmadi. Xohish va ishtiyoq birinchi o‘ringa chiqdi. Qaysi jamoani xohishi kuchliroq bo‘lsa, o‘sha klub yutdi. O‘rtada o‘ynaganim rosti menga yoqdi. Ularning asosiy o‘yini markazdan edi. Ko‘p hujumlari o‘rtadan boshlanardi. Meni ham shunga qarshi, ularni hujumini buzib turish uchun qo‘ydi, deb o‘ylayman.
- Birinchi bo‘limdan keyin almashtirilishingiz jarohat bilan bog‘liq emasmi?
- Birinchi bo‘limdan keyin meni almashtirganining sababi, jarohat bo‘ldi. Taxminan 25-daqiqada «pax» qismimda cho‘zilish bo‘ldi. Shundan keyin og‘riq bilan birinchi bo‘lim oxirigacha o‘ynab qo‘ydim. Ikkinchi taym o‘ynay olmasdim, chunki og‘riq kuchli bo‘ldi. Asosiy sababi shu.
- «Neftchi»ni OCHL elit musobaqasi ham kutyapti. Qur’a tashlangan, bu borada nima deya olasiz?
- Kuchli jamoalar tushishgan. Arab ligalarini top klublari. Bizga juda qiyin bo‘ladi. «Neftchi» ancha yildan keyin birinchi marta qatnashyapti. O‘z uyimizda ham, safarda ham baribir qiyin bo‘ladi. Tarkib jihatidan ham kuchli o‘yinchilari bor. O‘yin sifati bo‘yicha kuchli, tan olaman. To‘g‘ri, taktik jihatidan biroz ortda qolishimiz mumkin, raqiblar tarkibida saviyasi baland futbolchilar bor. Lekin biz oxirigacha harakat qilamiz. O‘zimizda ham, mehmonda ham maksimal darajada o‘z jonimizni berib o‘ynaymiz. Iloji boricha ko‘proq ochko to‘plashga, yaxshi natijalar ko‘rsatishga harakat qilamiz.
- Kubokda ham jamoangiz g‘olib chiqishiga shubha qilmayapsizmi?
- Kubokda eng katta to‘siqdan o‘tdik, deb o‘ylayman. Xudo xohlasa O‘zbekiston Kubogini qo‘lga kiritamiz. U yog‘i osonroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki «Paxtakor» Kubokda eng kuchli jamoa edi, shuni yutdik. Niyatimiz Kubokni qo‘lga kiritish. Lekin «Navbahor» ham bor, kuchli raqib.
- Farg‘ona viloyati hokimi har yutgan o‘yindan keyin yechinish xonasiga kiradi va sizlarga qanday motivatsiya beradi?
- Xayrulla Hayitbayevich futbolsevar inson. Futbolga juda katta e’tibor qaratadi. Har bir o‘yindan keyin, hatto uchrashuvdan oldin ham oldimizga kirib, bizga motivatsiya beradi. Futbolni yaxshi ko‘radi. Nafaqat yaxshi ko‘radi, balki futbolni yaxshi tushunadi ham. Taktik jihatlar bo‘yicha ham ba’zida ko‘rsatmalar ham beradi. Aytganimdek, futbolni sevadi va futbolni yaxshi tushunadi. Albatta, minnatdorchilik bildiramiz.
- «Paxtakor» bilan raqobat chempionatda ham davom etyapti. Ammo ular ko‘p ochko yo‘qotishyapti va «Neftchi» yakka peshqadam bo‘lib turibdi. Chempionlikni o‘zinglarda saqlab qolishga shubha qilmayapsizmi?
- Bu yil ham chempionlik uchun katta imkoniyatimiz bor. Xudo xohlasa, bu mavsum ham chempionlikni qo‘lga kiritamiz. Hozir ham birinchi o‘rindamiz. Oldimizda ko‘p uchrashuvlar turibdi. Qiyin o‘yinlarimiz bor. Iloji boricha «Paxtakor»ni bizga yetib olishiga imkoniyat bermasligimiz kerak. Har bir uchrashuvda ochko yo‘qotmaslikka harakat qilishimiz lozim. O‘tgan yili ikkinchi o‘rinda edik, bu yil esa ancha o‘sish bor va hozirgi paytda peshqadammiz. Har bir o‘yinda maksimal kurashyapmiz.
- Jarohatlar ko‘paymoqda. Hozir holatingiz qanday? Jiddiy emasmi?
- Jamoada ko‘p jarohatlar bor. Bilmayman, nima bo‘lyapti? Hammasi Allohdan. Meni jarohatimga kelsak, jiddiy emas. Aytib o‘tganimdek, «pax» qismida biroz cho‘zilish bo‘lgan. Hammasi tiklanishga bog‘liq. Tezroq qaytishga harakat qilaman. Shundoq ham tarkibda yo‘qotishlar ko‘p.