Live
3
O'zbek

Islom Ismoilov: «Har bir g‘alaba ortida katta mehnat turadi»

Eksklyuziv
29 avgust, 16:32
«Neftchi» ustozi «Paxtakor»ga qarshi bahsdan so‘ng o‘z fikrlarini bildirdi.
Islom Ismoilov: «Har bir g‘alaba ortida katta mehnat turadi»
Фото: Нефтчи ПФК
29.08.2026 FT Oʻzbekiston Kubogi Neftchi Fargona Neftchi Fargona 1 : 0 Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent

O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalida «Neftchi» Farg‘onada «Paxtakor»ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bellashuvdan so‘ng farg‘onaliklar ustozi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Birinchi navbatda barchani kirib kelayotgan mustaqillik bayrami bilan tabriklayman. Bugungi g‘alabamizni bizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barcha muxlislarimizga bag‘ishlaymiz. Bugun yutishimiz shart bo‘lgan o‘yin edi. Sababi, «Paxtakor»ga qarshi uydagi oxirgi ikkita uchrashuvda mag‘lub bo‘lganmiz. Buni futbolchilar ham yaxshi tushunib turishgandi. Jamoada ko‘plab jarohatlar bo‘lishiga qaramasdan futbolchilar matonat ko‘rsatishdi. Asosiy tarkibda tushgan ko‘p o‘yinchilar og‘riq, isitma, shamollash bilan o‘ynadi. Haqiqiy jasorat ko‘rsatishdi. Bu futbolchilarni matonati va irodasi hisobiga qo‘lga kiritilgan g‘alaba bo‘ldi. Ajoyib atmosfera tashkil qilgan muxlislarimizga minnatdorchilik bildiraman. Bunday muhitda o‘ynash yoqimli.

- Jamoangizni inobatga olinmagan goli haqida nima deysiz?

- Biz aynan televizion vaziyatni ko‘rdik. O‘shanda ofsayd ko‘rinmadi. Hali to‘lig‘ini ko‘rganim yo‘q. Endi ko‘rib chiqamiz. Balki bu bo‘yicha tushuntirish berishar. Hozir aniq bir narsa ayta olmayman. Biz ko‘rgan vaziyatda ofsayd yo‘qligi uchun ijobiy kayfiyat bo‘lgandi.

- Ibrohimxalil Yo‘ldoshevni o‘rtada o‘ynashi evaziga «Paxtakor»ga syurpriz tayyorlanganmidi?

- Albatta, Ibrohimxalilni o‘rtaga qo‘yish taktik reja bilan bog‘liq edi. «Paxtakor»ni o‘ng qanoti katta xavf tug‘dirishini hisobga olgan holatda chap qanotni kuchaytirishga qaror qildik. Ikkita chap qanotda o‘ynaydigan futbolchilarimizni bir paytda maydonga tushirdik. Yo‘ldoshevni bemalol yaxshi o‘yin o‘tkazdi, deb ayta olaman. Afsuski, birinchi bo‘lim oxirlarida muskulini tortib oldi. Bu pozisiyada o‘ynash futbolchi uchun oson emas. Yillar davomida qanotda to‘p tepgan o‘yinchi bu pozisiyada umuman boshqa harakatlarni amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun Ibrohimxalilga birinchi taymdagi o‘yini uchun rahmat aytaman.

- Keyingi uchrashuvlarda tarkibda yanada rotatsiyalarni amalga oshirib, Osiyo Chempionlar ligasi uchun yaxshiroq formada yetib borish rejasi bormi?

- Bizda ikkinchi tarkib degan narsa yo‘q. Har bir futbolchi asosiy tarkib a’zosi. Hozirgi holatda jamoani 7 nafar o‘yinchisi o‘ynagani yo‘q. Bungacha kam o‘ynagan futbolchilar avgust oyida juda ko‘p o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishdi. Masalan, Xurshid Gʻiyosov, Vladimir Yovovich, Nurmuhammad Abdug‘aniyev, Asilbek Jumayev...Marushich bilan Stipe doimiy ravishda almashib o‘ynashyapti. Jamoada rotatsiya bo‘yicha muammo yo‘q.

- Yutganda hokimni, tarkibni zo‘rligini gapirishadi. Yutqazganda faqat sizni gapirishyapti…

- Har bir g‘alaba ortida katta mehnat turadi. Bu birgina murabbiyni harakati emas. Birgina homiy yoki faqat futbolchilarniki emas. Hammasi birlashsagina keyin natija bo‘ladi. Qayerdadir muammo bo‘lsa, deylik homiylikda muammo bo‘lib, jamoa vaqtida moliyalashtirilmasa bu o‘yinga ta’sir qiladi. Yoki yaxshi homiy va tarkib bo‘la turib, murabbiyda muammo bo‘lsa, bu ham o‘yinga ta’sir ko‘rsatadi. Bu narsalarga normal qaraymiz. Vazifamiz unga ko‘z yumib, faqat oldinga intilib mehnat qilish. O‘ylaymanki, hozirda sanab o‘tgan uchta faktor «Neftchi»da o‘z ishini a’lo darajada bajarishmoqda. Agar qaysidir faktor izdan chiqadigan bo‘lsa, jamoa o‘yini izdan chiqishi mumkin.

- Murabbiylar shtabida bir nechta yordamchi mutaxassislar klubga kelib-ketishdi. Bu ham murabbiylik rejalaringizga ta’sir qilmayaptimi?

- Bu bo‘yicha matbuotda ko‘plab har xil fikrlar bildirib o‘tildi. Birinchi navbatda chetdan yordamchi murabbiylikka yaxshi saviyadagi mutaxassisni jalb qilish oson ish emas. Haqiqatda ular yaxshi saviyadagi murabbiylar edi. Shartnomalarida qachondir Yevropadan yaxshi taklif bo‘lsa, jamoadan ketish bandi bor edi. Afsuski, Xuanga Kolumbiyadan, Fakundoga Yevropa klublaridan takliflar tushdi. Gede esa oilaviy sabablarga ko‘ra ketdi. Bilasizmi, yoningizda yaxshi murabbiylar bo‘lishi kerak, biroq asosiy g‘oya baribir bosh murabbiyniki bo‘ladi. Shuning uchun ularning o‘rniga kim kelsa ham o‘yinimizga ta’sir qilmaydi. Gʻoya bitta insondan chiqadi va uning atrofida barcha birlashadi. Jamoa hech qachon shaxslarga bog‘lanmasligi kerak. O‘zini g‘oyasi bo‘lishi kerak. Bugun men bordirman, ertaga ketarman. Shunda ham jamoani falsafasi, oldiga qo‘ygan maqsadi va o‘yin uslubi o‘zgarmasligi kerak», - deya Islom Ismoilovning so‘zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Neftchi Fargona Neftchi Fargona
  • Paxtakor Toshkent Paxtakor Toshkent
  • Oʻzbekiston Kubogi Oʻzbekiston Kubogi
Bugungi yangiliklar