«Liverpul» sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Germaniya milliy jamoasi ustozi Yulian Nagelsmanndan uzr so'radi.
Avvalroq Klopp va Tomas Myuller 2026 yilgi Jahon chempionatida ekspert sifatida ishlayotgan bir paytda nemislar bosh murabbiyiga Jamol Musialani asosiy tarkibdan olib, uning o'rniga Deniz Undavni tushirishni taklif qilishgandi. Yurgen, shuningdek: «Yaxshiyamki, hali ham tarkibni Yulian Nagelsmann tanlayapti», — deb hazilomuz izoh bergandi.
Nagelsmann bu so'zlarga shunday munosabat bildirgan: «Yurgen va Tomas futbolda katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Ular istagan fikrini bildirish huquqiga ega».
Germaniyaning Kyurasao ustidan 7:1 hisobidagi g'alabasidan keyin Nagelsmann maydon chetida intervju berayotgan vaqtda Klopp undan uzr so'radi.
«Ayitishim kerak bo'lgan yana bir gap bor, buning uchun vaqt topishimiz kerak. Biz ham norasmiy tarzda jamoaning bir qismimiz va to'liq sen tomondamiz.
Men yilning eng yomon jumlasini ishlatdim: «hali ham». Shu so'zni ishlatganim uchun o'zimga zarba berishim mumkin edi, ammo juda kech bo'lgandi va men televizorda edim. Bu shunchaki beparvolik bilan og'zimdan chiqib ketdi va ishga mutlaqo aloqasi yo'q.
Shuni tushundimki, ikki kundan keyin 59 yoshga to'laman va hali ham ahmoqman. Sen nima qilsang ham, biz to'liq sen tomondamiz. Jarayonga halaqit beradigan hech qanday ish qilmaymiz», — dedi Klopp.
Ta'kidlanishicha, shundan so'ng Nagelsmann kulib yuborgan va intervju yakunida Klopp hamda Myuller bilan qo'l berib ko'rishgan.
«Tushundimki, hamon ahmoqman» — Klopp Nagelsmanndan uzr so'radi
Futbol
15 iyun, 12:55
«Liverpul» sobiq ustozi Kyurasao bilan o'yindan avval aytgan gaplari uchun afsusda.
Foto: Getty Images