Germaniya milliy jamoasi bosh murabbiyi Yulian Nagelsmann Kyurasao ustidan qozonilgan 7:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, raqib hisobni tenglashtirgach, nemislarga o‘z o‘yinini tiklash uchun biroz vaqt kerak bo‘lgan.
«Raqib hisobni tenglashtirgach, o‘yinimizni qayta topishimiz uchun bir necha daqiqa kerak bo‘ldi. Kyurasao ham futbol o‘ynay oladigan jamoa ekanini ko‘rdik. Ularning guruh bosqichidagi keyingi o‘yinlarini qiziqish bilan kuzataman», — dedi Nagelsmann FIFA rasmiy saytiga bergan intervyusida.
Germaniya bosh murabbiyi jamoasining hujumdagi harakatlaridan mamnun ekanini ham yashirmadi.
«Yetti gol urganimizdan juda xursandman. Bundan tashqari, jamoamizning o‘yini deyarli to‘liq ma’noda menga yoqdi. Har qanday turnirni g‘alaba bilan boshlash juda muhim. Buni uddalaganimizdan mamnunmiz», — deya qo‘shimcha qildi mutaxassis.
Eslatib o‘tamiz, JCH-2026 E guruhi 1-tur uchrashuvida Germaniya Kyurasaoni 7:1 hisobida mag‘lub etdi. Nemislar safida Kay Haverts dubl qayd etgan bo‘lsa, Lukas Nmecha, Niko Shlotterbek, Jamol Musiala, Braun va Denis Undav ham gol urdi.
Mazkur natijadan so‘ng Germaniya 3 ochko bilan E guruhi peshqadamiga aylandi.