AQSH milliy jamoasi bosh murabbiyi Maurisio Pochettino bahorda «Tottenhem»ga qaytishi nega amalga oshmagani haqida fikr bildirdi. Argentinalik mutaxassis o‘sha vaqtda AQSH milliy jamoasi bilan shartnoma majburiyatlari sabab taklifni qabul qila olmagan.
«Agar bo‘sh bo‘lganimda, albatta, taklifni qabul qilardim. Balki bir kun yulduzlar bir chiziqqa tushar va men klubga qaytarman.
«Tottenhem»ni hatto Chempionshipda ham boshqargan bo‘lardim. Bu men doimo yordam berishga tayyor bo‘lgan yagona klub.
Boshqa jamoaga o‘tmasdim, faqat «Tottenhem»ga», — deya Pochettinoning so‘zlarini keltiradi talkSPORT.
Eslatib o‘tamiz, Pochettino 2014–2019 yillarda «taqachilar»ni boshqargan. Uning qo‘l ostida jamoa Angliya chempionatida vitse-chempion bo‘lgan va Chempionlar Ligasi finaliga qadar yetib borgan.