Germaniya milliy jamoasining sobiq yarimhimoyachisi Bastian Shvaynshtayger milliy jamoaning so‘nggi yillardagi omadsiz natijalari haqida fikr bildirdi.
Bild nashriga bergan intervyusida u nemis futboliga «Bavariya»ni boshqargan davrda Pep Gvardiolaning ta’siri juda kuchli bo‘lganini ta’kidladi.
«Menimcha, biz Pep Gvardiolaning falsafasi ta’siriga haddan tashqari berilib ketdik. U 2013–2016 yillarda «Bavariya»ni boshqargan paytda bu ta’sir juda kuchli edi. Shundan keyin Germaniya milliy jamoasining qanday natijalarga erishganiga qarang», — dedi Shvaynshtayger.
Sobiq futbolchi Yevro-2016 yarimfinalidan keyin jamoa avvalgi darajasiga qayta olmaganini ham qayd etdi.
«Yevro-2016 yarimfinalidan so‘ng bizning eng yaxshi natijamiz chorakfinal bo‘ldi. Holbuki, undan avval uzoq yillar davomida Germaniya milliy jamoasi kamida yarimfinalgacha yetib borardi», — deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, Pep Gvardiola 2013–2016 yillarda Myunxenning «Bavariya» klubini boshqargan. Bastian Shvaynshtayger esa Germaniya milliy jamoasi safida 2014 yilgi jahon chempionligini qo‘lga kiritgan.