Bugun
17
O'zbek

Sergey Tokov: "Ayni paytda biz uchun eng muhimi natija"

Eksklyuziv
28 iyul, 16:03
"Xorazm" bosh murabbiyi jamoasining g'alabasidan so'ng o'z fikrlarini bildirdi.
Sergey Tokov: "Ayni paytda biz uchun eng muhimi natija"
Фото: Хоразм ПФК
28.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Xorazm Xorazm 1 : 0 Surxon Surxon

Urganchning "Xorazm" klubi o'z maydonida "Surxon" jamoasini qabul qildi va 1:0 hisobida g'alaba qozondi. Anchadan beri g'alaba qozona olmasdan kelayotgan "Xorazm" nihoyat o'z muxlislarini xursand qildi. Jamoa ustoz Sergey Tokov matbuot anjumanida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Avvalo, g'alaba bilan tabriklaymiz. Uchrashuv haqida fikrlaringiz?

- Assalomu alaykum. Avvalo, muxlislarimizni uzoq kutilgan g'alaba bilan tabriklayman. O'z maydoningda g'alaba qozonish, albatta, juda yoqimli. Balki bugun yanada chiroyliroq o'yin ko'rsatishni xohlagandirmiz, ammo ayni paytda biz uchun eng muhimi natija edi. Turnir jadvalidagi holat ham shuni talab qilardi. So'nggi to'rt-besh uchrashuvda g'alaba qozona olmagandik. Shu sababli bugungi o'yin biz uchun nihoyatda muhim edi. Yigitlar katta mehnat qilishdi, bor kuchlarini maydonga tashlashdi. Tabiiyki, ikkinchi bo'limda biroz ortga chekindik. Menimcha, bu psixologik holat bilan bog'liq. Futbolchilar hisobni saqlab qolishga harakat qilishdi. Aslida esa ikkinchi bo'limda ham yaxshi imkoniyatlarimiz bo'ldi. Ikkinchi golni urishimiz kerak edi, ammo vaziyatlardan foydalana olmadik. Agar o'sha imkoniyatlarni golga aylantirganimizda, o'yin ancha yengillashardi, hamma xotirjam bo'lardi. Oldinda imkoniyatlarni boy berganimiz sabab himoyachilar orasida ham asabiylik paydo bo'ldi va ular tobora ortga chekinib, asosan hisobni ushlab qolishga urinishdi.

Bundan tashqari, ayrim pozitsiyalarda ijrochilar bilan bog'liq muammolarimiz ham bor. Jarohatlangan futbolchilarimiz bor, ayrimlari uchrashuvni o'tkazib yuborishmoqda. Bugun markaziy chiziqda ham biroz muammolar kuzatildi va shu sabab o'sha pozitsiyalarda o'zgarishlar qilishga to'g'ri keldi. Ammo buning qo'rqinchli joyi yo'q. Eng muhimi, maydonga tushib, jamoaga yordam bera oladigan va natija ko'rsata oladigan futbolchilarimiz bor.

Yana bir bor barchaga rahmat aytaman. Shuningdek, bugungi g'alabani murabbiyimiz Aleksandrga bag'ishlamoqchiman. U bugun shifoxonada operatsiya qilindi. Xudoga shukur, operatsiya muvaffaqiyatli o'tdi. Menimcha, aynan shu g'alaba u uchun juda muhim edi. Futbolchilar ham buni yaxshi tushunishdi va murabbiyimizni xursand qilish uchun albatta g'alaba qozonishimiz kerakligini his etishdi.

- Raqibga qarshi qanday tayyorgarlik ko'rgandingiz?

- Uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. Raqib jamoani yaxshi bilardik. U yerda men avval ishlagan ko'plab futbolchilar bor. Ularning imkoniyatlari va o'yin uslubini yaxshi bilaman. Raqibning zaif tomonlarini chuqur tahlil qilishga harakat qildik. Bizga gol keltirgan vaziyat aynan markaziy hudud orqali yuzaga keldi. Rejamiz ham shu hududdan hujumlarni rivojlantirish edi. Markaz orqali yana bir nechta yaxshi imkoniyatlar yaratdik, ammo ularni gol bilan yakunlay olmadik. Albatta, hali ishlashimiz kerak bo'lgan jihatlar ko'p. Hech narsa birdaniga mukammal bo'lib qolmaydi. O'yin oldidan kichik kutilmagan holat ham yuz berdi. Bir taktika asosida tayyorgarlik ko'rgandik, ammo markaziy chiziqdagi futbolchimiz jarohat oldi. Shu sabab tarkib va joylashuvga ozgina o'zgartirish kiritishga majbur bo'ldik. Shunga qaramay, eng muhimi — kerakli natijaga erishdik.

- Jamoa yaratgan ko'plab vaziyatlardan foydalana olmadi. Buning sababi nimada, deb o'ylaysiz?

- Menimcha, buning bir necha sababi bor. Avvalo, biz uzoq vaqtdan beri o'z maydonimizda g'alaba qozona olmayotgandik. Shu bois o'yin yakuniga yaqin futbolchilarda hayajon kuchaydi. Ayrim vaziyatlarda esa mahorat ham biroz yetishmadi. Chunki shunday imkoniyatlar bo'ldiki, ularni golga aylantirish shart edi. Uch-besh metr masofadan darvozaga aniq zarba bera olmaslik, albatta, afsuslanarli holat. Bunday vaziyatlardan unumli foydalanishni istardik.

Birinchi bo'limda ham juda yaxshi imkoniyat bo'ldi. Hatto to'p ikki marta gol bo'ladigandek tuyuldi, ammo qandaydir mo'jiza bilan darvozaga kirmadi. Yana bir epizodda hujumchimiz darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqdi. U sherigiga pas berishi ham mumkin edi yoki bo'sh darvozaga zarba berishi kerak edi. Ammo negadir to'g'ri qaror qabul qilinmadi. Balki bunga hayajon sabab bo'lgandir. Jamoamizda yangi futbolchilar bor. Masalan, Hashimov uchun bu o'z maydonimizdagi ilk uchrashuv edi. Balki u ham hayajon, bosimni his qilgandir. Shunga qaramay, u gol urdi. To'g'ri, ehtimol bugun uchta gol urishi ham mumkin edi. Ammo eng muhimi, hisobini ochdi. Bu yaxshi boshlanish. Menimcha, u jamoaga tez moslashib bormoqda», - deya Tokovning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz jurnalisti.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Xorazm Xorazm
  • Surxon Surxon
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar