«Bavariya» darvozaboni Manuel Noyer faoliyatini yakunlashi mumkinligi haqida fikr bildirdi.
«Har safar maydonga «bu mening so‘nggi o‘yinim» degan xayol bilan chiqmayman. Garchi ayrim stadionlardagi bahslarim men uchun oxirgisi bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da. Ammo barchasi shu tomon ketmoqdaki, men faoliyatimni yakunlayman», — dedi Noyer.
Ma'lumot uchun, Noyer 2011 yildan buyon «Bavariya» sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt ichida u Myunxen klubi safida 598 ta uchrashuvda maydonga tushib, shularning 269 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. U «Bavariya» bilan 13 marta Germaniya chempioni, olti marta Germaniya kubogi va yetti marta Germaniya Superkubogi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, u klub bilan ikki marta Chempionlar ligasi, UEFA Superkubogi hamda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.