Live
2
O'zbek

Jamshid Saidov: «Hozir har bir ochko oltin bilan teng»

Futbol
28 iyul, 16:26
«Qizilqum» bosh murabbiyi jamoasining mag'lubiyatidan so'ng fikr bildirdi.
Jamshid Saidov: «Hozir har bir ochko oltin bilan teng»
Фото: Қизилқум ПФК
28.07.2026 FT O‘zbekiston Superligasi Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi 1 : 0 Qizilqum Qizilqum

«Nasaf» va «Qizilqum» jamoalari o'rtasidagi o'yin taqdirini ham birgina gol hal qildi va bu mezbonlar tomonidan kiritildi.

«Qizilqum» klubi bosh murabbiyi Jamshid Saidov esa matbuot anjumanida savollarga javob qaytardi.

- Avvalo, jamoamizni qo'llab-quvvatlash uchun Navoiydan kelgan muxlislarga minnatdorchilik bildiraman. Afsuski, ularning ishonchini oqlay olmadik. Endi bu o'yin tarixda qoldi. E'tiborimizni navbatdagi uchrashuvlarga qaratamiz. Xudo xohlasa, keyingi bahslarda ijobiy natija qayd etishga harakat qilamiz.

- Islom Kenjaboev ko'rinmadi. Uning holati qanday?

- Bilasiz, Islom Kenjaboev «Navbahor»ga qarshi uchrashuvning dastlabki daqiqalaridayoq jarohat olgandi. Hozir u davolanish jarayonini davom ettirmoqda. Xudo xohlasa, keyingi o'yinga qadar safga qaytishga ulg'uradi.

- So'nggi intervyularingizda jamoa Superligada jon saqlab qolish uchun kurashayotganini aytyapsiz. Nega aynan shunday maqsad haqida gapiryapsiz? Axir yuqoriroq o'rinlar uchun ham kurashish imkoniyati borga o'xshaydi-ku?

- Avvalo, turnir jadvaliga qarang. Hozir unda kurash nihoyatda keskin. Bir-ikki ochko ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Ayni paytda deyarli barcha jamoalar o'z o'rnini saqlab qolish uchun kurashyapti. Turnir jadvali juda zich. Shu sabab har bir uchrashuv nihoyatda og'ir kechmoqda. Hozir beshinchi yoki to'rtinchi o'rinlar haqida gapirishning o'zi haqiqatga yaqin emas. Agar jamoada bugungi muammolar bo'lmaganida, ehtimol meni bu yerga ham taklif qilishmasdi. Shuning uchun hozir har bir ochko oltin bilan barobar. Asosiy kurash o'tish o'yinlari zonasiga tushib qolmaslik uchun kechmoqda. Har turga qarasangiz, barcha jamoalar oxirigacha kurashmoqda. Hech kim ochko hadya qilmayapti. Shu bois har bir o'yin juda og'ir o'tmoqda.

- Jamoaning moliyaviy holati boshqa klublarga qaraganda yaxshiroqdek ko'rinadi. Navoiy futbol uchun barcha imkoniyatlarga ega. Shunday ekan, yuqori o'rinlar uchun kurashishning iloji yo'qmi?

- Men nima demoqchi ekaningizni tushunyapman. Siz moliyaviy tomonni nazarda tutyapsiz. Haqiqatan ham shunday. Ammo ayrim sabablar borki, ularni ochiq ayta olmayman. Bu savol menga avval ham berilgan. Ha, moliyaviy jihatdan jiddiy muammolar yo'q. Lekin ichki masalalar bor va ularni omma oldida muhokama qilish to'g'ri bo'lmaydi. Bu jamoaning ichki ishlari.

- 80-daqiqalardan keyin «Nasaf»ning bosimni kuchaytirishi va javob golini izlashini kutish mumkin edi. Shu vaziyatda futbolchilarga qo'shimcha ko'rsatmalar berildimi yoki jismoniy jihatdan raqibga imkoniyatni boy berib qo'ydingizlarmi?

- «Nasaf» o'z maydonida o'ynayotgan edi va tabiiyki, uchrashuv davomida tashabbus ularda bo'ldi. Menimcha, o'yin oxirlariga kelib biz biroz charchab qoldik. Afsuski, zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o'yinni kuchaytira olishmadi. Biz aynan shu orqali jamoaga yangi kuch bag'ishlamoqchi edik, biroq bu rejamiz amalga oshmadi. Shunga qaramay, bizda ham gol urish uchun imkoniyatlar bo'ldi. Afsuski, ulardan foydalana olmadik. Yakunda esa «Nasaf» bosimini yanada kuchaytirdi. Hal qiluvchi vaziyat qanotdan uzatilgan to'pdan yuzaga keldi. Abduxoliqov o'sha uzatmaga o'z vaqtida yetib bordi, afsuski, himoyachilarimiz bu vaziyatda tezkor harakat qila olishmadi», - deya Saidovning so'zlarini keltiradi Tribuna.uz muxbiri.

Tegishli jamoalar va ligalar

  • Nasaf Qarshi Nasaf Qarshi
  • Qizilqum Qizilqum
  • O‘zbekiston Superligasi O‘zbekiston Superligasi
Bugungi yangiliklar