Angliyalik vinger Jeydon Sancho faoliyatini yana Dortmundning «Borussiya» klubida davom ettirishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Manbaga ko'ra, Dortmund klubi bosh murabbiyi Niko Kovach Sanchoning avvalgi sport formasini tiklashiga ishonmoqda. Futbolchi yozda «Manchester Yunayted»ni erkin agent sifatida tark etgan.
Qayd etilishicha, klub hozircha Sancho bilan shaxsiy muzokara o'tkazmagan. Biroq transfer oynasi yakuniga yaqin hujum qanotida futbolchilar yetishmasa, 26 yoshli futbolchi jamoa uchun foydali variantga aylanishi mumkin.
Shuningdek, «Borussiya» rahbariyati Karim Adeyemining «Barselona»ga o'tishidan so'ng Sanchoni klubning yangi yuziga va muxlislarni o'ziga jalb qiladigan futbolchiga aylantirishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o'tamiz, Jeydon Sancho avval ham «Borussiya» safida 2017–2021 yillarda hamda 2023/24 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida to'p surgan.