Live
1
O'zbek

«Hech nima o'zgarmagan» – Ilyos Zeytullayev «Bunyodkor»dagi vaziyat, Rivaldodan qarz va jamoani tark etganlar haqida

Eksklyuziv
15 iyul, 07:13
Tribuna.uz muxbiri Zeytullayev bilan suhbatda bir qator masalalar borasida fikrlarini so'radi.
«Hech nima o'zgarmagan» – Ilyos Zeytullayev «Bunyodkor»dagi vaziyat, Rivaldodan qarz va jamoani tark etganlar haqida
Фото: Бунёдкор ПФК

Toshkentning «Bunyodkor» klubi Ilyos Zeytullayev boshchiligida ancha barqaror va qiziqarli jamoaga aylangan. Bosh murabbiy qiyin vaziyatda ishlashiga qaramay, jamoani o'zining strategiyasi asosida qurishda davom etyapti.

Yozgi yig'indan keyin «Bunyodkor» qanday ko'rinishda bo'ladi? Zeytullayev bilan suhbatda bir qator masalalar o'rin olgan.

- Ilyos Bekirovich, 16 iyul kuni «Bunyodkor» «Nasaf»ni qabul qiladi. Bo'lajak o'yinga jamoangiz qanchalik darajada tayyor?

- Uzoq davom etgan tanaffusdan so'ng o'zimiz tushib qolgan iqtisodiy va ruhiy vaziyatdan kelib chiqqan holda hozirlik ko'rdik. Futbol nuqtayi nazaridan olib qaraganda, murabbiy sifatida shtabim a'zolari, massajchilar, ma'murlar va futbolchilarimizdan juda ham mamnunman. Ular moliyaviy muammoga qaramay, bugungi kungacha katta ko'lamdagi ishni bajarib kelishmoqda!

- Umuman aytganda, yozgi o'quv-yig'in mashg'ulotlardan ko'nglingiz to'ldimi?

- Bu savolga futbolchilarning uzoq vaqtdan beri hammaga sabr qilib kelayotganlari nuqtayi nazaridan kelib chiqib aytsam, ha, ko'nglim to'ldi. O'tgan yil dekabr va joriy yil yanvarida qanday ahvolda bo'lsak, hozir ham hech narsa o'zgarmagan - vaziyat o'sha-o'sha.

- Asadbek Rahimjonov bilan Shahboz Umarovning «Bunyodkor»dan ketishgani jamoa uchun jiddiy yo'qotish bo'ldimi?

- Bu ikkisidan tashqari, Itsuki Urata va xorijlik mutaxassis Salvatore De Mauro (tahlilchi) ning ketishganini ham yo'qotishlarimizga qo'shib qo'ysa bo'ladi. Ularning bari biz uchun juda muhim ahamiyat kasb etishardi. Garchi moliyaviy holatimiz havas qilarli darajada bo'lmasa ham, ba'zi futbolchilarimiz o'tgan 2025 yil dekabridan buyon maoshlarini olishmagan bo'lsa ham bundan keyin hech kim jamoadan ketmaydi, deb umid qilib qolamiz.

- Ayni paytda Rivaldodan bo'lgan qarz tufayli klubga transferlarni amalga oshirish uchun cheklov qo'yilgan. Shu sabab jamoa yangi o'yinchilarni tarkibga jalb eta olmaydi. Bu holat ishingizni qiyinlashtirib yubormayaptimi?

- Har qanday murakkab vaziyatdan ichki imkoniyatlar uchun kalit sifatida foydalansa bo'ladi. Hozir bizda yosh futbolchilarga o'zlarini namoyish etish va «Bunyodkor»ga yordam berish imkonini havola qilish yuzaga kelgan. O'z navbatida bu ularga professional futbolchi sifatida o'z darajalarini oshirishda asqotmasdan qolmaydi.

- Sizning nazaringizda, bugungi kunda Superligadagi qaysi klublar ishlash uchun qulay infratuzilma va imkoniyatlarga ega?

- Transferlar va ishni a'lo darajada yo'lga qo'yilganini inobatga olgan holda «Neftchi», «Andijon», «Navbahor», «Paxtakor», «Dinamo», «Buxoro», «So'g'diyona» klublarini alohida ko'rsatishim mumkin. Aynan shu jamoalar ikkinchi davrada bir-birlari bilan kurashishadi, deb o'ylayman.

- Portugal jamoasiga ko'chib o'tgan Sadriddin Xasanov haqida nima deya olasiz?

- U biz uchun 6-7 taga yaqin uchrashuv o'tkazgan. Maydonda ham, uning tashqarisida ham o'zidan yaxshi taassurot qoldira olgan. O'ylaymanki, «Braga»da Sadriddinni yaxshi professional yo'nalishga yo'naltira olishadi.

- Agar sir bo'lmasa ayting-chi, xizmatingizga boshqa klublardan takliflar bo'lib turadimi va «Bunyodkor»da sizni nima ushlab turibdi?

- Shaxsan o'zimga biror taklif kelib tushgani yo'q. «Bunyodkor»da esa yil oxirigacha mo'ljallangan shartnomam bor. Shu narsa va «Bunyodkor» rahbariyatining boy tarixga ega klubni boshqarish uchun imkoniyat berib ishongani, ular oldidagi majburiyat hissi meni ushlab turibdi!

Yangi munozara

Muxlislar bu yangilikni Telegram’da muhokama qilmoqda

5+ izoh
Muhokamaga o‘tish

Izohlar Telegram’da ochiladi

Bugungi yangiliklar